⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

Yer ham yo‘q, 75 ming dollar ham: Xorazmdagi shov-shuvli nizo ortida nimalar yashiringan?

Administrator2 soat oldin2 ko'rishlar
Yer ham yo‘q, 75 ming dollar ham: Xorazmdagi shov-shuvli nizo ortida nimalar yashiringan?

Xorazm viloyatidagi yer va mulk bilan bog‘liq mazkur mojaro bir necha yildan buyon turli sud va tergov idoralari eshigida sarson bo‘lib kelmoqda. Murojaatchi Xudoshukur Qalandarov va uning himoyachisi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar voqeaning ancha chuqur ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi.

Asli xorazmlik bo‘lgan Xudoshukur Qalandarov 2020 yilda Rossiya Federatsiyasidan qaytib, o‘z yurtida yashash va uy-joy qurish maqsadida Xiva hududidan 40 sotix yer maydonini xarid qilgan. Mazkur oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda qonuniy rasmiylashtirilib, jami 75 ming AQSH dollari to‘langan. Yer davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va shu vaqt davomida majburiy soliq to‘lovlari ham muntazam ravishda amalga oshirib kelingan.

Biroq, murojaatchi tomonining ta’kidlashicha, keyinchalik hududda yer narxlari keskin ko‘tarilib ketganidan so‘ng, yerni sotgan oila a’zolaridan biri mulkni qaytarib olish harakatiga tushgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, dastlab jabrlanuvchidan 100 ming AQSH dollari, keyinroq esa 60 ming dollar talab qilingan. Bu talablar audioyozuvlar, yozishmalar va boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligi aytilmoqda.

So‘ralgan mablag‘ berilmagach, turli tahdid va bosimlar boshlangan. Ko‘p o‘tmay, Qalandarov tomonidan mazkur yerda qurilgan ikkita uy sud qarori yoki ijro hujjatlarisiz buzib tashlangan. Shundan so‘ng fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Natijada Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilib, talab qilingan mablag‘ning bir qismi — 60 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda gumonlanuvchi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Biroq, ishning eng bahsli va tushunarsiz nuqtasi aynan shu yerda boshlanadi. Murojaatchilarning fikricha, ochiqchasiga pul talab qilish, tahdidlar va maxsus tadbir natijalari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, jinoyat ishi keyinchalik tovlamachilik emas, balki Jinoyat kodeksining 229-moddasi — «o‘zboshimchalik» bo‘yicha baholangan. Sud esa mazkur huquqiy kvalifikatsiyani o‘zgarishsiz qoldirgan. Advokat bu qarorni jiddiy ziddiyatli deb hisoblaydi va vaziyatni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlaydi.

Mojaroning keyingi bosqichi yanada chigal tus olgan. Sud qarorlari natijasida avval notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimi haqiqiy emas deb topilgan va yer maydoni avvalgi egalariga qaytarilgan. Natijada Qalandarov na yerdan, na to‘lagan 75 ming dollaridan foydalana olgan. Keyinchalik ushbu holatlar bo‘yicha yana bir jinoyat ishi ko‘rilib, sud uch nafar shaxsni firibgarlik bilan bog‘liq moddalar asosida aybdor deb topgan hamda murojaatchiga yetkazilgan 75 ming AQSH dollarini undirish haqida qaror qabul qilgan. Biroq, hozirda mazkur ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rilayotgani sababli mablag‘lar haligacha qaytarilmagan.

Bugungi kunda murojaatchilar va ularning himoyachisi mazkur voqeada hali ham ko‘plab javobsiz savollar qolayotganini aytmoqda. Xususan, DXX tomonidan maxsus tadbir o‘tkazilgan holatning nega «o‘zboshimchalik» sifatida baholangani, ikki uyning buzilishi bo‘yicha yetkazilgan zarar nima sababdan to‘liq hisoblanmagani va taqdim etilgan dalillarga nega yetarlicha huquqiy baho berilmagani yuzasidan aniq izohlar mavjud emas. Murojaatchilar ushbu adolatsizlikka chek qo‘yish maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatidan vaziyatga rasmiy munosabat bildirishlarini va ishdagi bahsli jihatlarga oydinlik kiritishlarini so‘ramoqda.

Uzoq yillar musofirchilikda mehnat qilib, topgan-tutganini o‘z yurtiga investitsiya qilgan, qonuniy hujjat va davlatning notarial muhriga ishonib mulk sotib olgan oddiy bir fuqaroning bugungi kunda ham yersiz, ham pulsiz, ham uysiz qolayotgani achinarli holdir. Agar qonuniy sotib olingan mulk va notarial shartnomalar mana shunday chigal sxemalar qurboniga aylanaversa, fuqarolarning qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchiga putur yetmaydimi?

Mazkur bahsli ishga nuqta qo‘yilishi nafaqat bir oilaning adolat topishi, balki yurtimizda mulk daxlsizligi va qonun himoyasi qay darajada ishlayotganini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos imtihondir. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz va mas’ul idoralardan adolatli qaror kutib qolamiz.


Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Yer ham yo‘q, 75 ming dollar ham: Xorazmdagi shov-shuvli nizo ortida nimalar yashiringan? | Effect.uz