Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Javlon mahallasi ahlining eng katta og‘rig‘i — aholi yashash joyiga yaqin hududda joylashgan noqonuniy asfalt zavodidir. Avvaliga "tosh maydalash zavodi" sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ushbu korxona atrofga zaharli tutun va quyuq chang tarqatmoqda. Oqibatda bolalar o‘rtasida nafas qisishi va allergiya kuchaygan, uylarning ichi va ekinlar qorakuya bilan qoplanib, qurimoqda.

Ekologlar va mahalliy hokimlik vakillari vaziyatni tekshirishga va’da bergan bo‘lsa-da, amalda haligacha hech qanday natija sezilgani yo‘q. Yana bir achinarli holat: zavodning og‘ir yukli maxsus texnikalari ichki yo‘llarni butunlay vayron qilgan. Kun issig‘ida chang-to‘zon, yomg‘irda loy-balchiq bo‘layotgan bu ko‘chalardan nafaqat bolalarning maktabga borishi qiyin, balki favqulodda holatlarda tez yordam yoki o‘t o‘chirish mashinalari ham kira olmaydi.

Jurnalistning "Bu yo‘ldan tez yordam yoki o‘t o‘chirish mashinasi yura oladimi?" degan savoliga aholi keskin "yo‘q" deb javob berdi. Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari yo‘lning ma’lum qismini zavod rahbariyati bilan birgalikda ta’mirlashni va’da qildi.

Suhbat davomida mahallaning boshqa tizimli muammolari ham yuzaga chiqdi. Mahalladagi 7-maktabda ikki yildan beri ichimlik suvi chiqmaydi, qishloqdagi mavjud suvning sifati esa o‘ta yomon bo‘lib, tarkibida tuz miqdori ko‘pligidan choynaklar tagida qalin cho‘kma qolmoqda. Shuningdek, hududda shifoxona (QVP) yo‘qligi sababli, aholi oddiy ma’lumotnoma yoki bolalarni emlash uchun ham boshqa qishloqlarga sarson bo‘lib bormoqda. Bundan tashqari, 50 yildan beri mahallada na bitta stadion, na bolalar o‘yingohi va na davlat bog‘chasi qurilgan.

Mahalla ahli 2022 yildan beri prezident portali va hokimliklarga muntazam murojaat qilib keladi. Saytimizga kelib tushgan murojaat ortidan boshlangan harakatlarimiz va viloyat hokimligi orqali qilingan so‘rovdan so‘nggina mas’ullar qishloqqa kelib, aholi bilan uchrashuv o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Biroq jarayonda qatnashgan rasmiylarning harakati hanuz «rasmga tushib, murojaatni yopish» va navbatdagi quruq va’dalarni berishdan nariga o‘tmayapti. Hatto mahalla raisi va "yettilik" tizimi aholiga 3 yildan beri budjet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha hisobot bermagan.

Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rasulov Masariddin vaziyatni iqtisodiy imkoniyatlarga bog‘lab, muammolarni navbati bilan hal qilishga so‘z berdi. Biroq xalqning sabr kosasi allaqachon to‘lgan.
Effect.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi.
Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.




