⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

«Xon Saroy»dan kutilmagan burilish: Mijozlar ishongan yirik qurilish kompaniyasi ishi sudda koʻrilmoqda

Administrator6 soat oldin34 ko'rishlar
«Xon Saroy»dan kutilmagan burilish: Mijozlar ishongan yirik qurilish kompaniyasi ishi sudda koʻrilmoqda

Toshkent shahridagi “Bahor Residence” turar joy majmuasi quruvchisiga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi Mirobod tuman sudida koʻrilmoqda. Ish doirasida 6 nafar sudlanuvchiga nisbatan firibgarlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, mansab soxtakorligi hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish kabi ayblovlar ilgari surilgan.

Taʼkidlanishicha, tergov Bosh prokuraturaning Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan. Sudlanuvchilar orasida “Bahor Residence” MCHJ taʼsischisi va rahbari, Xurshid Ahmedov ham bor.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, u Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari — juda koʻp miqdorda firibgarlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, mansab soxtakorligi va pul yuvish bilan bogʻliq jinoyatlarda ayblanmoqda.

Jinoyat ishi doirasida yana 5 nafar shaxs ham sudlanyapti, xususan Anvar Ahmadjonov, Gʻulom Azimov, Shahriddin Sharobiddinov, Xurshid Xoʻjaqulov, Aziz Xudoynazarov sud qilinmoqda. Hujjatlarda 70 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan.

Eʼtiborlisi, “Bahor Residence” loyihasi Xon Saroy brendi ostida amalga oshirilgan. Investorlar bilan tuzilgan shartnomalarda “Xonsaroy Group” MCHJ mazkur qurilish kompaniyasining qonuniy tijoriy vakili sifatida koʻrsatilgan.

Kun.uz manbasiga koʻra, sudlanayotganlarning barchasiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq qoʻllangan. Shu bilan birga, “Bahor Residence” turar joy majmuasiga berilgan ayrim qurilish hujjatlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan maʼmuriy sudda ham alohida ish koʻrilmoqda. Toshkent shahar prokurori arizasida qurilish uchun berilgan arxitektura va rekonstruksiya xulosasini bekor qilish soʻralgan. Ishni sudda koʻrib chiqish bugun, 12-may kuni 15:00ga Mirobod sudiga tayinlangan.

Eslatib oʻtamiz, 2025-yil noyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Xon Saroyʼning ayrim qurilish loyihalari boʻyicha tekshiruvlar boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Kompaniya bu holat yuzasidan mutloq izoh bermagan.

Maʼlumot oʻrnida, Xon Saroy Toshkentdagi yirik quruvchilardan biri boʻlib, kompaniya avval foydalanuvchilar orasida obyektlarni oʻz vaqtida topshirishi bilan tanilgan edi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

«Xon Saroy»dan kutilmagan burilish: Mijozlar ishongan yirik qurilish kompaniyasi ishi sudda koʻrilmoqda | Effect.uz