Vobkentlik haydovçi Ş.R. uç yilga haydovçilik guvohnomasidan mahrum qilinib, 16,48 mln söm jarimaga tortildi. Işdagi yagona laboratoriya xulosasi uning qoni va siydigida spirt yöqligini tasdiqlagan. Şunga qaramay, tuman sudi, viloyat sudi va Oliy sud sudyasi jazoni faqat foydalanişga ruxsat etilmagan alkotesterning 0,155 mg/l körsatkiçiga tayanib öz kuçida qoldirdi.
Bu iş bitta haydovçining taqdiri haqida emas. Bu — sudlar dalillarni qonun talabi asosida emas, ayblov tomonining qulayligiga qarab baholayotgani haqida.
Iş qanday körildi
Xato birinçi kunidan boşlangan va har bir instansiyada tuzatiliş örniga mustahkamlangan.

Eʼtibor bering: metrologiya institutining rasmiy javobi birinçi instansiya sudidan avval mavjud edi. Sud uni köriş imkoniga ega bölgan, lekin baho bermagan.
Sudlar yöl qöygan olti qonun buzilişi
Har bir buziliş alohida qarorni bekor qiliş uçun yetarli. Birgalikda esa ular sudlarning işni bir tomonlama körganini körsatadi.
1. Reyestrda yöq moslama körsatkiçi dalil sifatida qabul qilingan
Qonun nima deydi: Mastlikni aniqlaş tartibi tögrisidagi Nizomning (AV röyxat № 3099) 2 va 23-bandlari faqat sertifikatlangan, qöllaşga ruxsat etilgan va tekşiruvdan ötgan vositani talab qiladi.
Sud nima qildi: Metrologiya instituti «AlcoStop 8000S» (A601627) hodisa kuni reyestrda bölmagani va undan foydalaniş mumkin emasligini rasman tasdiqlagan. Har ikki sud bu xatga huquqiy baho bermagan — uni rad ham etmagan, qabul ham qilmagan. Qonunga zid ravişda olingan körsatkiç ayblovning yagona asosiga aylangan.
2. Laboratoriya xulosasi eʼtiborsiz qoldirilgan
RSTEIAM Buxoro filiali sud-kimyo bölimi haydovçining qoni va siydigida etil spirtini aniqlamagan. Bu — işdagi yagona laboratoriya dalili va u prokuratura qarori bilan, qonuniy tartibda olingan.
Ekspert L.Töxtayev sudda spirt izi qon va siydikda uç sutkagaça saqlanişini aytgan. Namunalar esa testdan taxminan 3 soat ötib olingan. Spirt bölganida, u aniqlangan bölar edi. Sudlar bu ilmiy dalildan sifati şubhali moslama körsatkiçini ustun qöygan va buni asoslamagan.
3. Moslama xatoligi hisobga olinmagan
Işlab çiqaruvçi belgilagan xatolik inobatga olinsa, moslama soz bölganda ham mastlik isbotlanmaydi:

Oraliqning quyi nuqtasi çegaradan past. Ekspert ham bunday körsatkiç çesnok yoki sirkali mahsulotdan ham çiqişi mumkinligini aytgan; haydovçi şifokor tavsiyasi bilan muntazam çesnok isteʼmol qiladi. Sudlar bu arifmetikaga ham javob bermagan.
4. DYHXX xodimlarining qonun buzişi haydovçi zimmasiga agdarilgan
Nizomning 11-bandiga köra, haydovçi etiroz bildirsa, xodim uni tuman davolaş-profilaktika muassasasiga olib borişi şart. 17-bandga köra, tekşiruv bir soat içida ötkazilişi kerak.
Apellyatsiya qarorining özida haydovçi mastlikni aniqlaş vakolati yöq viloyat köp tarmoqli tibbiyot markaziga olib borilgani qayd etilgan. Yaʼni sud qonun buzilganini özi yozib quyib, uning oqibatini haydovçi zimmasiga yuklagan. Xodimlar aybi bilan utgan vaqt fuqaroga qarşi dalil böla olmaydi.
5. Apellyatsiya sudi aloqasi yöq normaga tayangan
Viloyat sudi «Nizom 33-bandidagi ikki soatlik qayta tekşiruv muddati ötib ketgan» degan. Lekin 33-band tibbiy xulosaga etiroz haqida. Bu işda qonuniy tibbiy tekşiruvning özi ötkazilmagan, etiroz esa alkotesterga bildirilgan. Bu holat 11-band bilan tartibga solinadi. Notöğri normani qöllaş — moddiy huquq normasini buzişning oçiq şakli.
6. Ekspert körsatmasi qarorda teskari bayon qilingan
Apellyatsiya qarorida ekspert göyo «spirt aniqlanmasligi mumkin» degandek yozilgan. Aslida u teskarisini aytgan: spirt izi uç sutka saqlanadi, 0,155 mg/l esa ovqatdan ham çiqişi mumkin. Sud aktida dalilning mazmunini buzib körsatiş — jiddiy protsessual nuqson. Buni sud majlisi bayonnomasi va audioyozuvi bilan tekşiriş mumkin.
Şubha nega haydovçi ziddiga hal qilindi?
Konstitutsiyaning 28-moddasi aniq: aybga oid bartaraf etilmagan şubhalar şaxs foydasiga hal qilinadi. Bu işda esa uçta sud instansiyasi bu konstitutsiyaviy kafolatni amalda teskarisiga aylantirdi.
Bir tomonda — reyestrda yöq, xatolik doirasidagi moslama körsatkiçi. Ikkinçi tomonda — qonuniy tartibda olingan va spirt yöqligini körsatgan laboratoriya xulosasi. Sudlar ikki ziddiyatli dalildan faqat haydovçiga qarşisini olgan va nega bunday qilinganini tuşuntirmagan.
Bu yondaşuv ikki normativ talabga bevosita zid:
Oliy sud Plenumining 2024-yil 25-iyundagi 19-sonli qarori (16–17-bandlar) — dalillarga baho beriş va qarorni asoslaş talabi.
MJtK 321-moddasi — iş bir tomonlama körilgan va qaror faktik holatlarga mos kelmaganda u bekor qilinişi lozim.
Apellyatsiya instansiyasi birinçi sud xatosini tuzatiş örniga unga yangilarini qöşgan: aloqasi yöq norma qöllangan, ekspert sözi buzib berilgan. Oliy sud sudyasi esa bu holatlarni taftiş hayʼatida köriş imkonini ham bermagan. Natijada sud nazorati tizimi xatoni tuzatmagan, uni tasdiqlab bergan.
Minglab haydovçilar har kuni alkotester tekşiruvidan ötadi. Agar sudlar reyestrda yöq moslama körsatkiçini laboratoriya xulosasidan ustun qöyişda davom etsa, har qanday tasodifiy xato inson taqdirini hal qiladi. Bu yerda sud xolisligiga bölgan işonç xavf ostida qoladi.
Xulosa va talablar
Işni körişda qonun neça bosqiçda buzilgan: dalil yiğişda, unga baho berişda va normani qöllaşda. Bunday şaroitda çiqarilgan qarorlar qonuniy va asosli deb hisoblanişi mumkin emas.
Hozir ariza Oliy sud raisining birinçi örinbosariga yöllangan. Talablar:
13-oktyabrdagi rad ajrimini bekor qiliş.
Işni taftiş hayʼatida xolis qayta köriş.
MJtK 271-moddasi 1-bandiga köra iş yuritişni tugatiş.
Sudning vazifasi — ayblov xulosasini tasdiqlaş emas, haqiqatni aniqlaş. Bu işda haqiqat rasmiy hujjatlarda allaqaçon yozilgan — uni faqat oçib öqiş kerak xolos.
Muallif: advokat Ş.Mavlonov




