Ichki ishlar vazirligida “Qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligi: ichki ishlar organlarining 9 oylik faoliyat yakunlari va ustuvor vazifalar” mavzusida kengaytirilgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va uning tarmoq xizmatlari mas’ullari, shuningdek, OAV va jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etib, o‘tgan davr mobaynida erishilgan natijalar, profilaktik tadbirlar, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash hamda tizimdagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Anjuman davomida jurnalist va blogerlar tomonidan ko‘plab dolzarb masalalar o‘rtaga tashlanib, ochiq va qizg‘in savol-javoblar o‘tkazildi. Matbuot anjumanida so‘z olgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropovning ta’kidlashicha, joriy yilning 9 oyi davomida jami 24 828 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 021 taga kamayishiga erishildi. Shuningdek, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan hududlarda olib borilgan tizimli ishlar sababli mamlakatimizdagi 4 380 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish borasida o‘tkazilgan “Qoradori-2026” tadbirining ikkinchi bosqichida 1 385 ta noqonuniy o‘simlik yetishtirish holati aniqlandi. Ayniqsa, maxsus dronlar va vertolyotlar orqali o‘tkazilgan nazoratli uchishlar yordamida 16 180 kvadrat metr maydondagi ko‘knori va kannabis giyohvandlik o‘simliklari aniqlanib, batamom yo‘q qilindi. Ashropov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 6 oyida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida 69 962 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning asosiy qismi fuqarolarning pul mablag‘larini elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy egallash bilan bog‘liq.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sagdullayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda fuqarolarning 50 foizi soxta "APK" fayllarini ochish orqali kiberhujum qurboniga aylanmoqda. Bunga aholining kibermadaniyati va huquqiy savodxonligining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan IIV barcha jurnalist va blogerlarni kibermadaniyatni targ‘ib qilishda faol hamkorlikka chaqirdi.

2026 yilning 9 oyida vazirlik tizimiga 321 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 87 foizi qanoatlantirilgan. Hududiy organlar orqali ko‘rilgan 289 mingdan ziyod murojaatlarning 81 foizi ijobiy hal etildi.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida "Ikkinchi imkon" loyihasi doirasida 350 nafar mahkum kasb-hunar va chet tillariga o‘qitilmoqda, tarbiya koloniyasining 17 nafar tarbiyalanuvchisi esa masofaviy ta’lim asosida Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.

IIV Akademiyasi axborot xizmati boshlig‘i Dilmurod Jo‘rayev ma’lum qilishicha, 2027-2028-o‘quv yilidan boshlab Akademiyada to‘lov-kontrakt asosida "Umumfuqaroviy ta’lim" yo‘nalishi ochiladi. Tadbirlar yakunida IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov va kadrlar departamenti mas’uli Saxipjamol Djoldasova OAV vakillari hamda blogerlarni ichki ishlar organlari faoliyatini yoritishda xolislik va ikki tomonlama yondashuv tamoyillariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.


Matbuot anjumanida Effect.uz sayti jurnalisti so‘z olib, avvalgi uchrashuvlarda ko‘tarilgan murojaatlar qariyb 10 kun ichida ijobiy hal etilgani uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Shu bilan birga Navoiy viloyati Qonimex tumani "Qarakarta" mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori hech qanday sud qarori va tegishli ijro hujjatlarsiz Buxoro viloyati G‘ijduvon tumaniga borib, bir nechta xodimlar hamrohligida tunda ijro harakatlarini amalga oshirganini aytdi. Inson mulki bilan bog‘liq mazkur masala 9 oydan buyon jiddiy cho‘zilib kelayotgani, huquqiy asossiz sodir etilgan bu holatga alohida e’tibor qaratishni so‘radi.

Vazirlik mas’ullari mazkur muammo bo‘yicha avval fuqarolik tartibida hokimlik bilan birgalikda ishlanganini qayd etib, ushbu masala shu kunning o‘zidayoq qayta o‘rganilishi, qisqa fursatda aniqlik kiritilishi va tegishli jarayon bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishini ta’kidladi.
Qayd etish joizki, taqdim etilgan raqamlar tizimdagi o‘zgarishlardan dalolat bersa-da, kiberjinoyatlar ko‘lami, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va axborot xavfsizligi hamon jiddiy yondashuvni talab etmoqda. OAV va jamoatchilikning ochiq muhokamalari esa idora faoliyatidagi shaffoflikni ta’minlashda asosiy vosita bo‘lib qolaveradi.
Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.




