Siyosat

«Avvalgi körsatkiçlar sunʼiy oşirilgan» — bu qanday aniqlangan? Ketma-ket maqolalardan söng “Kelajak” markazidan sado çiqdi

Akmal Eshonxonov77 ko'rishlar
«Avvalgi körsatkiçlar sunʼiy oşirilgan» — bu qanday aniqlangan? Ketma-ket maqolalardan söng “Kelajak” markazidan sado çiqdi

EFFECT.UZ maqolasi eʼlon qilinganidan söng Respublika «Kelajak» markazi rasmiy munosabat bildirdi.

Markazning taʼkidlaşiça, tegişli örganişlar va qayta xatlov jarayonida avvalgi yillarda tögaraklar hamda ularga jalb qilingan öquvçilar soni sunʼiy ravişda oşirib körsatilgani maʼlum bölgan. Hozir esa haqiqiy holatdagi raqamlar taqdim etilmoqda.

Agar bu maʼlumot tasdiqlansa, demak, avvalgi yillardagi hisobotlarning işonçliligi böyiça ham jiddiy savollar paydo böladi. Çunki öşa körsatkiçlar asosida taʼlim muassasalari faoliyati baholangan, hisobotlar şakllantirilgan va tegişli qarorlar qabul qilingan bölişi mumkin.

Biroq markaz munosabatida uşbu daʼvoni tasdiqlovçi aniq raqamlar, qayta xatlov natijalari, hududlar kesimidagi tafovutlar yoki tekşiruv hujjatlari keltirilmagan.

Şuning uçun oçiq savol mavjud: avvalgi hisobotlarda qança öquvçi soni sunʼiy oşirib körsatilgan? Bu holat qaysi hududlarda aniqlangan va bunga kim masʼul?

Markaz yana Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining 21 500 nafardan ortiği ota-onalar badalidan ozod etilganini maʼlum qilgan. Bu, albatta, ijtimoiy jihatdan ahamiyatli çora. Ammo uşbu maʼlumot respublika böyiça qayd etilgan 209 919 nafarlik kamayişni izohlaş uçun yetarli emas.

Şuningdek, markaz tölov miqdorlari 776-son qaror bilan belgilanganini taʼkidlagan. Lekin biz kötargan masala qarorning mavjudligi emas, balki tölovlar oşirilişi ota-onalarning farzandlarini tögaraklarga jalb qiliş imkoniyatiga qanday taʼsir qilganidir.

Qolaversa, 9 ta yönaliş va 62 nomdagi tögarak tasdiqlangani haqidagi maʼlumot ham yakuniy natijani anglatmaydi. Asosiy mezon — ularga qança bola jalb qilingani, qançasi muntazam qatnaşayotgani va qamrovning nima sababdan qisqarganidir.

Demak, markazning rasmiy munosabati ayrim savollarga izoh bergan bölsa-da, eng asosiy masala — bolalar qamrovining keskin pasayişi sabablarini hali töliq oçib bermagan.

Markaz faqat ayrim savollarga javob bermoqdami?

Qiziği şundaki, Respublika «Kelajak» markazi EFFECT.UZʼning sönggi maqolasiga rasmiy munosabat bildirgan bölsa-da, markaz faoliyatiga doir avvalgi materiallarimizda kötarilgan bir qator muhim savollar hanuz javobsiz qolmoqda.

Jumladan, «Kelajak» markazlari nimani özgartirdi? Indira Xoldorova jamoatçilikka hisobot berişi kerak» sarlavhali maqolamizda Samarqand viloyatidan olingan hujjatlar asosida ota-onalar badalidan tuşgan mablağlarning 10 foizini Respublika «Kelajak» markazi jamğarmasiga ötkaziş masalasi, uşbu talabning huquqiy asosi va mablağlar harakati yuzasidan savollar qöyilgan edi.

Şuningdek, «Kelajak»ning kelajagi qanday qurilgandi? Yoxud «bunkerda» ötkazilgan testlar haqidagi daʼvo...» maqolamizda markazlarni taşkil etiş jarayonida xodimlar va direktorlar bilan boğliq jamoaviy murojaatda keltirilgan jiddiy daʼvolarni yoritgan edik.

Uşbu materiallarda keltirilgan maʼlumotlar va savollarga Respublika «Kelajak» markazi tomonidan hozirgaça rasmiy munosabat bildirilmagan.

Biz bu holatni markazning qasddan javob berişdan qoçişi deb baholamaymiz. Biroq bir masalaga eʼtibor qaratmoqçimiz: agar markaz jamoatçilik oldida oçiqlik va şaffoflikni taʼminlaşni maqsad qilgan bölsa, faqat bitta maqolaga munosabat bildiriş bilan çeklanib qolmasligi kerak.

Ayniqsa, moliyaviy hisob-kitoblar, jamğarma mablağlari, xodimlarni işdan böşatiş va rahbarlarni tanlaş jarayonlari böyiça savollar öz javobini kutib turibdi.

Oçiqlik — faqat rasmiy munosabat eʼlon qiliş emas. Oçiqlik — jamoatçilik oldida paydo bölgan barça asosli savollarga hujjatlar va aniq raqamlar bilan javob berişdir.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

«Avvalgi körsatkiçlar sunʼiy oşirilgan» — bu qanday aniqlangan? Ketma-ket maqolalardan söng “Kelajak” markazidan sado çiqdi | Effect.uz