O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yana bir nufuzli xalqaro delegatsiyani qabul qildi. AQSH Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha byurosi (INL)ning Yevropa va Osiyo dasturi bo‘yicha boshqarmasi direktori Mark Tervakoski boshchiligidagi delegatsiya Markaz ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning arxitekturasi, ekspozitsiyalarning izchilligi va zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan taqdimotlarini yuqori baholadilar. Ular sayohatni an’anaviy tarzda “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshlab, bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davri allomalarining 110 xil rangli mikromozaikalar orqali yaratilgan tasvirlari bilan tanishdilar. Mazkur san’at asarlari mehmonlarda nafaqat estetik, balki tarixiy jihatdan ham katta taassurot qoldirdi.


Mazkur san’at asarlari mehmonlarda nafaqat estetik, balki tarixiy jihatdan ham katta taassurot qoldirdi. Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida qadimgi sivilizatsiyalar, ilk davlatchilik va savdo munosabatlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi. Ayniqsa, arxeologik topilmalar, ilk pul muomalasiga oid namunalar va Buyuk ipak yo‘liga doir materiallar tarixiy jarayonlarni chuqur anglash imkonini bergani ta’kidlandi.
Ekspozitsiyadagi interaktiv yechimlar orqali o‘tmish manzaralarining jonli ifodalanishi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi Renessans bo‘limida ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan qismlar alohida e’tiborga tushdi. Ushbu bo‘limdagi nodir qo‘lyozmalar, me’moriy yechimlar va madaniy meros namunalari orqali Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi yaqqol namoyon etilgani qayd etildi.

Ikkinchi Renessans bo‘limida esa Amir Temur va temuriylar davridagi davlatchilik, diplomatiya va ilm-fan rivoji keng yoritilgani delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Saroy kutubxonasi muhiti, tarixiy manbalar va interaktiv taqdimotlar orqali o‘sha davr ruhini his qilish imkoniyati yaratilgani yuqori baholandi.
Mark Tervakoski, AQSH Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha byurosi (INL)ning Yevropa va Osiyo dasturi bo‘yicha boshqarmasi direktori:
“Men Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyalardan juda katta taassurot oldim. Ayniqsa, ulkan zalda namoyish etilgan tarixiy Qur’on bilan bog‘liq bo‘lim meni chuqur hayratga soldi. Tarix va arxeologiyaga qiziquvchi inson sifatida butun majmua bo‘ylab yurar ekanman, O‘zbekiston va uning xalqining naqadar boy va chuqur tarixga ega ekanini yana bir bor his qildim. Menimcha, markazning Guinness World Records ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshiradi. Bu orqali bu yerda jamlangan madaniy va tarixiy meros haqida dunyo jamoatchiligi ko‘proq bilib boradi va mamlakatga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi. Men AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik kelajakda yanada rivojlanishiga ishonaman. Bunday markazlar ikki xalq o‘rtasidagi muloqot va tajriba almashish uchun juda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, men markazning barpo etilishida Shavkat Mirziyoyev tashabbusini alohida e’tirof etaman. Aniq maqsad va strategik yondashuv orqali bunday yirik va mazmunli loyihalarni amalga oshirish mumkinligini bu markaz yaqqol namoyon etmoqda. Eksponatlar orasida qaysinidir alohida ajratish qiyin. Ammo Aurangzeb davriga oid Qur’on oyatlari tushirilgan xirqa menda alohida taassurot qoldirdi. U nafaqat noyob, balki chuqur tarixiy ma’noga ega bo‘lgan asar sifatida meni hayratga soldi”.

“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Delegatsiya a’zolari mazkur bo‘limdagi materiallar orqali O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘li va xalqaro hamkorlikka ochiq siyosatini alohida e’tirof etdilar.

Tashrif yakunida mehmonlar Markazning yuragi — Qur’oni Karim zaliga tashrif buyurdilar. Bu yerda VII asrga mansub noyob Usmon mus’hafi, uning atrofida joylashgan Qur’on nusxalari hamda zamonaviy mepping-gologramma namoyishi delegatsiyada chuqur hissiy taassurot qoldirdi.
Zalning arxitekturasi, badiiy yechimlari va muqaddas merosga bo‘lgan ehtirom muhiti alohida qayd etildi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markazni tarixiy merosni saqlash va uni zamonaviy formatda jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha ilg‘or namuna sifatida baholab, uning xalqaro hamkorlik va madaniy muloqotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Ekskursiya yakunida Mark Tervakoski markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydlarini qoldirib, ushbu maskan haqida chuqur taassurotlarini izhor etdi.




