⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Мир

Yaqin Sharqdagi keskinlik neft bozoriga taʼsir qilmoqda: Oʻzbekistonda benzin narxi nima uchun oʻzgaryapti?

Administrator5 ч назад16 просмотров

Hormuz boʻgʻozi atrofidagi geosiyosiy xavflar jahon neft bozorida narxlarni keskin oʻzgartirmoqda. Bu jarayon Oʻzbekistondagi yoqilgʻi narxlariga ham taʼsir qila boshladi.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat soʻnggi kunlarda yanada keskinlashmoqda. AQSH, Eron va Isroil oʻrtasidagi qarama-qarshilik nafaqat mintaqada, balki jahon iqtisodiyotiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Ayniqsa, dunyo neft savdosining katta qismi oʻtadigan Hormuz boʻgʻozi atrofidagi vaziyat xalqaro bozorlarda jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

Bu omillar yoqilgʻi bozorida ham oʻzgarishlarga olib kelmoqda. 2026-yil 10-mart kuni boʻlib oʻtgan savdolarda Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi maʼlumotiga koʻra, AI-92 markali benzin narxi 7,4 foizga oshgan.

Birja hisobotida aytilishicha, benzin narxi birdaniga 878,9 ming soʻmga koʻtarilib, bir tonnasi 12 million 723 ming soʻmga yetgan. Bu hisobda bir litr yonilgʻi oʻrtacha 9,5 ming soʻm atrofida shakllanmoqda.

Mutaxassislar bu oʻzgarishni ichki bozordagi talab va jahon neft narxlaridagi keskin oʻzgarishlar bilan izohlamoqda.

Qizigʻi shundaki, 2026-yil boshida ham AI-92 benzini narxi hozirgi koʻrsatkichga yaqin boʻlgan. Yil boshida bir tonnasi 12 million 752 ming soʻm atrofida savdo qilingan. Biroq 6-mart kuni narx 11 million 844 ming soʻmgacha pasaygan edi. Shu bois 10-martdagi keskin oʻsish bozorda vaziyat tez oʻzgarishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Yonilgʻi bozoridagi oʻzgarishlar xalqaro neft narxlari bilan ham bevosita bogʻliq. 2026-yil 9-mart kuni Brent nefti narxi bir barrel uchun 111,04 dollargacha koʻtarildi. Bunday keskin oʻsishga Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat va Hormuz boʻgʻozi atrofidagi xavflar sabab boʻlgani taʼkidlanmoqda.

Bu dengiz yoʻlagi orqali dunyo neftining katta qismi tashiladi. Shu sababli bu hududdagi har qanday xavf global energetika bozoriga darhol taʼsir koʻrsatadi.

Ekspertlar fikricha, bunday darajadagi narx oʻsishi 2022-yilda Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan keyin birinchi marta kuzatilmoqda.

Jahon bozoridagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham taʼsir qilishi mumkin. Mamlakat neft qazib olish va benzin ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlsa-da, yoqilgʻi bozorida import ham muhim oʻrin tutadi.

Statistikaga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekiston xorijdan taxminan 2 milliard dollarlik neft va neft mahsulotlari import qilgan. Shu mablagʻning 1,55 milliard dollari benzin hissasiga toʻgʻri kelgan. Neft importi bir yil oldingisiga nisbatan 2,2 foizga, benzin importi esa 5,8 foizga oshgan.

2026-yil yanvar oyida ham import yuqori boʻlgan. Oʻsha oyda mamlakatga 205,4 million dollarlik neft va neft mahsulotlari olib kirilgan. Shu mablagʻning 170 million dollari avtomobil benzini uchun sarflangan.

Bu koʻrsatkichlar 2025-yil yanvar oyiga nisbatan ancha yuqori. Jumladan, neft importi 43,2 foizga, benzin importi esa 44,8 foizga oshgan.

Energetika sohasida mamlakat ichida ham muayyan muammolar kuzatilmoqda. Qish mavsumida ayrim hududlarda yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklangan holatlar kuzatildi. Bahor salqin kelgani sababli ayrim zapravkalarda cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Oʻzbekiston Energetika vazirligi bu holatni gaz taʼminoti bilan bogʻliq texnik sabablar bilan izohlab kelmoqda. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, havo soviganda gaz bosimi pasayishi mumkin va bu yoqilgʻi taʼminotiga taʼsir koʻrsatadi.

Shu bilan birga, xalqaro siyosiy vaziyat ham iqtisodiy xavflarni kuchaytirmoqda. The Wall Street Journal maʼlumotiga koʻra, AQSH harbiy rahbariyati Hormuz boʻgʻozida tijorat kemalarini harbiy kemalar bilan kuzatib borish operatsiyasi yuqori xavf bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini bildirgan.

Manbalarga koʻra, tor dengiz yoʻlagida katta harbiy kemalarni joylashtirish ularni oson nishonga aylantirishi mumkin. Shu bilan birga, agar tankerlar xavfsizligi taʼminlanmasa, Hormuz orqali savdo oqimining tiklanishi ham qiyinlashishi mumkin.

Поделиться:

Похожие новости

Yaqin Sharqdagi keskinlik neft bozoriga taʼsir qilmoqda: Oʻzbekistonda benzin narxi nima uchun oʻzgaryapti? | Effect.uz