⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Мир

Turkiya qulay xalqaro va mahalliy parvozlari bilan yozgi sayohatlar uchun yetakchi yo‘nalishga aylanmoqda

Administrator2 ч назад6 просмотров
Turkiya qulay xalqaro va mahalliy parvozlari bilan yozgi sayohatlar uchun yetakchi yo‘nalishga aylanmoqda

Yozgi ta’tilda har bir daqiqa qadrli. Bugungi sayohatchilar manzilga tez, qulay va ortiqcha ovoragarchiliksiz yetib borishni tobora ko‘proq qadrlamoqda. Chunki yo‘lda kamroq vaqt sarflash ta’tildan ko‘proq zavq olish imkonini beradi.

Qulaylik va tezkorlik sayohat tajribasining muhim mezoniga aylanayotgan bir paytda, manzilga yetib kelish jarayoni ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yozgi mavsumda ko‘plab yirik aeroportlarda uzun navbatlar odatiy holga aylangani bu masalani yanada dolzarb qiladi.

Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC)ning buyurtmasi asosida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yangi Kirish/Chiqish tizimi (EES) va biometrik chegara tekshiruvlari natijasida uch-to‘rt soatlik kutish holatlari sayohatchilarning uchdan bir qismini Shengen hududiga safar qilishdan qaytarishi mumkin.

Ana shunday vaziyatda Turkiya tez, qulay va ortiqcha ovoragarchiliksiz yetib borish mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida ajralib turadi. Dunyoning yirik markazlari bilan yo‘lga qo‘yilgan keng to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tarmog‘i va samarali chegara tartiblari mehmonlarga kutishga kamroq vaqt sarflash, kelgan zahotiyoq Turkiyaning boy va rang-barang yozgi ta’til imkoniyatlaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz va navbatlarsiz sayohat

Xalqaro sayohatchilar uchun Turkiyaning muhim afzalliklaridan biri — mamlakatning barcha yetti mintaqasini qamrab olgan keng va qulay aeroportlar tarmog‘idir. Zamonaviy infratuzilma, yuqori sifatli xizmat va turklarga xos samimiy mehmondo‘stlik uyg‘unligi Turkiya aeroportlarida mehmonlarni ilk qadamdanoq iliq taassurot bilan kutib oladi.

Mamlakatning yirik metropolisi Istanbulda ikki aeroport xizmat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Turkiyaning boshqa mashhur yo‘nalishlariga ham yetib borish oson. Egey mintaqasining durdonalari — Izmir va Mug‘la, Turk Rivierasining yorqin manzili Antaliya, shuningdek, tarixiy poytaxt Anqaradagi zamonaviy aeroportlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish mumkin. Bu aeroportlar tezkor xizmat ko‘rsatish tizimi va ichki yo‘nalishlarga qulay ulanish imkoniyati bilan ajralib turadi.

Kappadokiyaning betakror manzaralari, jumladan, mashhur “peri mo‘rilari”ga ham yaqin aeroportlar orqali oson yetib borish mumkin. Shu bois Turkiyaning sayyohlik maskanlari sayohatchilar uchun uzoq va mashaqqatli yo‘l emas, balki qisqa, qulay va zavqli safarga aylanadi.

Turkiyaning yirik aeroportlari, ayniqsa Istanbul va Antaliyadagi havo bandargohlari, dunyoning yetakchi aviamarkazlari bilan muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshiradi. Bunday qulay bog‘lanishning eng yorqin namunasi Istanbul aeroportidir. U 31-may kuni bir sutkada 1 730 ta parvoz harakatiga xizmat ko‘rsatib, ochilganidan buyon eng yuqori kunlik ko‘rsatkichni qayd etdi. Keng terminal imkoniyatlari, samarali ish jarayoni va yo‘lovchilar qulayligiga yo‘naltirilgan dizayni tufayli Istanbul aeroporti yo‘lovchilar oqimining ravon harakatlanishini ta’minlaydi. Bu esa sayohatchilarga ta’tilni ortiqcha kutishlarsiz, xotirjam va qulay tarzda boshlash imkonini beradi.

Har qadamda qulay bog‘lanish

Turkiyaning ko‘plab aeroportlari yirik xalqaro aviamarkazlar bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar orqali bog‘langan. Xususan, yozgi mavsumda Izmir, Mug‘la va Antaliya aeroportlariga Yevropaning turli shaharlaridan amalga oshiriladigan bevosita qatnovlar soni sezilarli darajada ortadi.

Kun davomida bir nechta parvozning mavjudligi va yo‘lning odatda uch-to‘rt soat atrofida davom etishi Turkiyani hatto qisqa muddatli, kutilmaganda rejalashtirilgan sayohatlari uchun ham qulay yo‘nalishga aylantiradi. Bunga mamlakatning iliq O‘rta yer dengizi iqlimi ham qo‘shimcha ustunlik beradi: Turkiyada yozgi mavsum sentabr va oktabr oylarigacha davom etadi. Bu esa sayohatchilarga dengiz bo‘yidagi ta’tildan yanada uzoqroq bahramand bo‘lish imkonini yaratadi. Ushbu manzillar Moviy bayroqli plyajlari, musaffo suvlari va dayving kabi unutilmas taassurotlari bilan yozgi ta’tilni davom ettirishni istaganlar uchun jozibali tanlov bo‘lib qolmoqda.

Turkiya aeroportlarining yana bir muhim afzalligi — shahar markazlari bilan qulay transport aloqasiga ega ekanidir. Sayohatchilar aeroportdan shaharga tez va oson yetib borish uchun avtobus hamda metro kabi jamoat transporti vositalaridan foydalanishlari mumkin. Tez va erkin harakatlanishni istaganlar uchun taksilar qulay tanlov bo‘lsa, aeroportdan qatnovchi maxsus xizmatlar shaharning asosiy nuqtalariga bevosita va ishonchli yetib borishni ta’minlaydi.

 

Поделиться:

Похожие новости

Turkiya qulay xalqaro va mahalliy parvozlari bilan yozgi sayohatlar uchun yetakchi yo‘nalishga aylanmoqda | Effect.uz