Bugungi kunda ko‘plab sayyohlar faqat dengiz bo‘yida dam olish bilan cheklanmay, yangi yerlarni kashf etish va suv osti olamini o‘rganishga intilmoqda. Dayving, ya’ni suv ostiga sho‘ng‘ish turizmi bozoriga oid tahlil natijalariga ko‘ra, faol dam olishni afzal ko‘ruvchilarning 65 foizdan ortig‘i suv mashg‘ulotlariga, jumladan, akvalangda sho‘ng‘ishga qiziqish bildirgan. Bu esa yozgi hordiqda faol va mazmunli sarguzashtlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Sharq va G‘arb chorrahasida joylashgan, uch tomondan dengizlar bilan o‘ralgan Turkiya O‘rta yer dengizi va Egey mintaqasidagi dayving yo‘nalishlari bilan ham e’tibor tortadi. Bu hududlar turli darajadagi sho‘ng‘uvchilar uchun suv osti olamini yaqindan ko‘rish va dengiz tabiatini o‘rganish imkonini beradi.
Turkiyada dayving mavsumi nisbatan uzoq davom etadi. Sho‘ng‘ish hududlarining xilma-xilligi esa suv ostidagi sehrli dunyoni turli jihatdan kuzatishga yordam beradi. Dayving ishqibozlari qayiqdan dengiz qa’riga sho‘ng‘ishi, tarix izlarini saqlagan kema qoldiqlarini ko‘rishi, suv ostidagi g‘or va daralar bo‘ylab harakatlanishi mumkin. Mamlakatda tajribali mutaxassislar faoliyat yuritadigan dayving markazlari va o‘quv kurslari ham mavjud.
Turk Rivierasidagi eng yaxshi sho‘ng‘ish maskanlari
Turkiyada dengizga sho‘ng‘ish haqida so‘z borganda, Turk Rivierasining muhim markazlaridan biri bo‘lgan Antaliya mamlakatdagi eng mashhur suv osti yo‘nalishi sifatida tilga olinadi. Ularning orasida esa dunyoning eng yaxshi o‘nta dayving maskani qatoriga kiritilgan Kash sohili alohida o‘rin tutadi.
Kashdan Kalkan va Kemergacha cho‘zilgan bu mintaqa tiniq suvlari, suv ostini aniq ko‘rish imkoniyati va boy dengiz ekotizimi bilan g‘avvoslarni o‘ziga jalb etadi. Bu yerda suv hayoti shu qadar jonliki, karetta-karetta toshbaqalari, qora rangli keta baliqlari, O‘rta yer dengizi mushugi kabi ko‘plab dengiz hayvonlarini ko‘rish mumkin.
Kash, shuningdek, Turkiyada arxeologik dayving yo‘nalishida ham alohida ahamiyatga ega. Besmi oroli yaqinidagi suv osti hududlarida qadimiy amforalar, langarlar va sopol xumlar kabi tarixiy topilmalarni uchratish mumkin.
Bundan tashqari, sun’iy qoya hosil qilish maqsadida ataylab suv ostiga cho‘ktirilgan Dakota samolyoti qoldiqlari ham hududning e’tiborli jihatlaridan biridir. Hozirda bu yer uni qoplayotgan och rangli suv o‘tlari tufayli suv osti fotosuratchilari uchun qiziqarli manzilga aylandi.
Yana bir diqqatga sazovor hudud — Kanyon bo‘lib, u tunnelga o‘xshash g‘ori bilan mashhur. Bu g‘or turli dengiz jonzotlari uchun yashash muhiti bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, Kanyon chuqurligida joylashgan tarixiy Dimitri kema qoldiqlari ham g‘avvoslar e’tiborida.
Egey dengizidagi dayving yo‘nalishlari
Egey sohillari ham dayving uchun muhim hududlardan biri bo‘lib, uning shimoldan janubgacha cho‘zilgan qismida ko‘plab sho‘ng‘ish manzillari mavjud. Ayniqsa, Mug‘la, Marmaris, Fethiye, Datcha va Bodrum atrofidagi musaffo suvlar, pana qo‘ltiqlar hamda suv ostini aniq ko‘rish imkoniyati dayving yo‘nalishining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Bodrumdagi Orak oroli, Delikli g‘ori, Poyraz qo‘ltig‘i, shuningdek, Katta va Kichik suvosti qoyalari sho‘ng‘ish uchun muhim hududlar qatoriga kiradi. Bu maskanlar dengiz hayotining xilma-xilligi, shaffof suvlari hamda turli darajadagi g‘avvoslar uchun mos yo‘nalishlari bilan ahamiyatli.
Oydin viloyatining Kushadasi hududida suvga g‘arq bo‘lgan A300 Airbus samolyoti o‘ziga xos sun’iy marjonqoya sifatida ajralib turadi. Bu obyekt suv osti muhitini o‘rganish va sun’iy qoyalarning dengiz ekotizimidagi o‘rnini kuzatish nuqtayi nazaridan qiziqish uyg‘otadi.
Tarix qa’riga sho‘ng‘ish
Chanoqqal’a Birinchi jahon urushi davridagi Gallipoli janglari bilan ham tarixiy ahamiyatga ega. Shu bois bu hududda kema qoldiqlari bilan bog‘liq dayving yo‘nalishlari alohida o‘rin tutadi. Gallipoli yarimoroli UNESCOning Butunjahon merosi dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Birinchi jahon urushi davridan saqlanib qolgan muhim tarixiy hududlardan biri sifatida baholanadi.
Hududdagi 17 ta sho‘ng‘ish nuqtasida SS Milo, Lundy va HMS Louis kabi kema qoldiqlarini uchratish mumkin. Bu suv osti yodgorliklari Gallipoli frontining tarixiy qatlamlarini eslatib turadi. Shu jihatdan Chanoqqal’adagi dayving nafaqat faol hordiq, balki tarix bilan bog‘liq tajriba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.




