⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Мир

Turkiya: yoz mavsumi kuzgacha davom etadigan manzillar

Administrator19 ч назад13 просмотров
Turkiya: yoz mavsumi kuzgacha davom etadigan manzillar

Bugungi kunda moslashuvchanlik sayohatni rejalashtirish odatlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyoning yetakchi sayohat platformalaridan biri Expedia Group ma’lumotlariga ko‘ra, sayohatchilarda safarlarini avvalgiga qaraganda erkinroq va qisqa muddat ichida rejalashtirishga moyillik ortib bormoqda. Ob-havo o‘zgarishi, global voqealar va kundalik hayotning tobora dinamik tus olishi jo‘nash sanasiga yaqin vaqtda band qilish tendensiyasini kuchaytirmoqda.

Bu o‘zgarish statistikada ham aks etgan: joriy yilning birinchi choragida jo‘nashdan atigi 7–13 kun avval amalga oshirilgan qidiruvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan. Safarni qisqa fursatda rejalashtiradigan, so‘nggi daqiqadagi takliflar, aksiyalar va ob-havo sharoitlarini kuzatib boradigan sayyohlar orasida O‘rta yer dengizi yo‘nalishlariga qiziqish saqlanib qolmoqda.

Turkiyada Egey sohillaridan Turk Rivierasigacha davom etadigan uzoq yoz mavsumi, turli toifadagi turar joylar va jozibali mavsumiy takliflar so‘nggi daqiqalardagi sayohat uchun qulay sharoit yaratadi. Feruza rang dengiz, qumli sohillar va sokin ko‘rfazlar bilan bir qatorda, mamlakatning mehmondo‘stlik an’analari, turk oshxonasi, Tungi muzeylar tajribasi hamda dayvingdan paraplangacha bo‘lgan faol dam olish turlari safarni yanada mazmunli va esda qolarli qiladi.

Antaliya: Moviy bayroqli sohillar yetakchisi

Yiliga 300 kundan ortiq quyoshli ob-havo kuzatiladigan Turk Rivierasi qisqa fursatda rejalashtiriladigan dengiz bo‘yi ta’tili uchun keng tanlovga ega. Uning markazida joylashgan Antaliya Turkiyaning yirik kurort hududlaridan biri hisoblanadi. Belek, Kemer va Sidedagi dam olish maskanlari musaffo sohillari, zamonaviy sog‘lomlashtirish markazlari, mahalliy va xalqaro gastronomiya hamda rivojlangan sport infratuzilmasi bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Antaliya qirg‘oqlari, ayniqsa, Moviy bayroqli plyajlari bilan e’tiborga sazovor. Hududda 232 ta shunday plyaj mavjud. Belek, Gundog‘du va Kadriye plyajlari xalqaro turizm kompaniyasi TUI (Touristik Union International) tomonidan tuzilgan dunyoning eng go‘zal plyajlari reytingiga kiritilgan, Turkiya esa kuchli o‘ntalikdan to‘rtta o‘rin egallagan. Belek sohillari, Kaputashning feruza rang suvlari, karetta-karettalar tuxum qo‘yadigan Patara plyaji hamda Kekovaning suv ostida qolgan qadimiy xarobalari hududning tabiiy va tarixiy qiyofasini namoyon etadi.

Egey yuragiga sayohat

Turkiyaning g‘arbiy sohillari dengiz bo‘yidagi shaharchalar, tarixiy qishloqlar, qadimiy shaharlar va zamonaviy kurortlarni bir hududda birlashtiradi. Butik mehmonxonalar, hashamatli dam olish maskanlari hamda zaytun moyi, mavsumiy ko‘katlar, yangi dengiz mahsulotlari asosida shakllangan boy gastronomik an’analar Egeyga o‘ziga xos ruh bag‘ishlaydi. Bu yerda tabiat, tarix va gastronomiya bir-birini to‘ldiradi.

Kristofer Nolanning “Odisseya” filmi Gomerning mashhur eposini yana katta ekranga olib chiqayotgan bir paytda, Shimoliy Egey ushbu afsonaviy olam bilan bog‘liq manzaralarni yaqindan ko‘rish imkonini beradi. Qadimiy Troya shahri joylashgan Chanakkaleda afsona, arxeologiya va dengiz manzaralari bir nuqtada tutashadi. Assosning tarixiy sohillari va sokin Bozjaada, undan janubda esa Ayvalik va Jundaning ko‘hna ko‘chalari, dengizbo‘yi muhiti va sekin yashash falsafasi Egeyga xos turmush tarzini aks ettiradi.

Cheshme, Alachati va Urlaning dengiz bo‘yi muhiti, mahalliy oshxonasi hamda Michelin e’tirofiga sazovor restoranlari hududga o‘ziga xos zamonaviy tus beradi. Janub tomonda esa Bodrum, Datcha, Marmaris va Fethiye joylashgan bo‘lib, bu maskanlar tiniq suvlari, Moviy sayohat yo‘nalishlari, kurort infratuzilmasi va gastronomik an’analari bilan ajralib turadi.

Turkiyaning Egey va O‘rta yer dengizi sohillarida yoz mavsumi kuz oylarigacha davom etadi. Shu sababli yozgi ta’tilini kechroq rejalashtirayotgan yoki qisqa muddat ichida safarga chiqishni ko‘zlayotganlar uchun ham bu hududlarda turli sayohat imkoniyatlari mavjud. Shuningdek, sohil bo‘yi shaharlari, tarixiy maskanlar, tabiiy manzaralar va rivojlangan turizm infratuzilmasi hududni yanada jozibali qiladi.

Поделиться:

Похожие новости

Turkiya: yoz mavsumi kuzgacha davom etadigan manzillar | Effect.uz