Qarshi shahar sudi Batosh MFY hokim yordamchisi Shavkat Anarovning ishdan boʻshatilishi yuzasidan chiqarilgan qarorni gʻayriqonuniy deb topdi. Sud materiallariga koʻra, Shavkat Anarov 2024-yil may oyidan buyon tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi sifatida ishlagan.

Qayd etilishicha, 2025-yil 23-iyulda Qarshi shahar hokimining qarori bilan u Mehnat kodeksining 160-moddasi asosida ishdan boʻshatilgan. Hokimlik bu qarorga Anarovning “oʻz xohishiga koʻra boʻshash” haqidagi arizasi asos boʻlganini bildirgan.
Biroq daʼvogar sudda ariza bosim va tazyiq ostida yozdirilganini, aslida ishdan ketish niyati boʻlmaganini maʼlum qilgan. Sud ish hujjatlari va taraflar bayonotlarini oʻrganib, mehnat shartnomasi qonun talablariga zid ravishda bekor qilingan degan xulosaga keldi.
Qarorga koʻra:
— Qarshi shahar hokimining Shavkat Anarovni ishdan boʻshatish haqidagi qarori bekor qilindi;
— u avvalgi lavozimiga qayta tiklandi;
— hokimlikdan uning foydasiga 37 mln soʻmdan ortiq majburiy progul puli undirilishi belgilandi;
— qoʻshimcha ravishda 2 mln soʻm maʼnaviy zarar kompensatsiyasi tayinlandi.


Sud ushbu vaziyatda ishga tiklash qismi darhol ijro etilishini belgilagan boʻlsada, hokimlik sud hujjatini 31-dekabrdan buyon bajarmayapti.




