Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 26-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan hududlarning gidroenergetika salohiyatini oʻrganishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, Jamiyat Boshqaruvi raisi Islom Abduraxmonov boshchiligidagi mutaxassislar guruhi vertolyot yordamida Sariosiyo tumanining togʻli hududida joylashgan, dengiz sathidan qariyb 3000 metr balandlikda joylashgan Yuqori Toʻpolang zonasining gidroenergetik salohiyatini oʻrganish ishlarini olib bordi.
Asosiy maqsad – har bir tomchi suvdan samarali foydalanish, elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda aholi manfaatlari yoʻlida maksimal saʼy-harakatlarni yoʻnaltirgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbai hajmini koʻpaytirishdir.
3 kunlik amaliy tashrif davomida hududning tabiiy-relyef sharoiti, suv oqimlari, gidrologik xususiyatlari hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari atroflicha oʻrganildi. Mutaxassislar tomonidan mazkur hududning gidroenergetika salohiyati, yangi gidroelektr stansiyalarini barpo etish imkoniyatlari hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar kompleks tahlil qilindi.
Dastlabki tahlillar Yuqori Toʻpolang zonasida bir qator istiqbolli gidroenergetik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini koʻrsatmoqda. Ushbu loyihalarni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish orqali mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish, ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda Surxondaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qoʻshimcha turtki berish nazarda tutilgan.
Yuqori Toʻpolang daryosining gidrosalohiyatidan samarali foydalanish maqsadida umumiy quvvati 80 MVt boʻlgan 3 ta gidroelektr stansiyadan iborat Kishtut GESlar kaskadi loyihasi – navbatdagi “milliy loyiha” doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatining togʻoldi va togʻli hududlarida energetika infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, umumiy uzunligi 17,791 kilometrga teng Zarchob podstansiyasidan Kishtut GES stvorigacha 110/220 kV kuchlanishli ikki zanjirli havo elektr uzatish tarmogʻini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Yuqori Toʻpolang daryosidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida mutaxassislar tomonidan topografik ishlari olib borilmoqda.
Mizot daryosining suv hajmi koʻpayishini hisobga olgan holda istiqbolli loyihalarga olib boruvchi yoʻl qurilishini jadallashtirish, burgʻulash-portlatish ishlarini xavfsiz va sifatli tashkil etish borasida masʼullarga zaruriy topshiriqlar berildi.



