2023-yil 18-mart kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida sodir boʻlgan avtohalokat oqibatida prokuratura organlarida ishlagan ikki xodim halok boʻlgan edi. Ammo ortidan ikki yil oʻtganiga qaramay, mazkur hodisa yuzasidan marhumning onasi azob-uqubat chekmoqda.
Ish hujjatlariga koʻra, fojia oqibatida Zomin tuman prokuraturasida faoliyat yuritgan yordamchi ish oʻrganuvchi Elyor Kenjayev va ish yurituvchi Abdulaziz Qoʻziboyev voqea joyida halok boʻlgan. Yana bir xodim — tergovchi Doston Ziyadullayev ogʻir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, halokat Elyor Kenjayevning spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtomobil boshqargani oqibatida yuz bergan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, keyinchalik Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli normalariga asosan ish tugatilgan.
Biroq marhumning onasi Sanobar Kenjayeva ushbu xulosalarga shubha bilan qaramoqda. Uning taʼkidlashicha, oʻgʻli halokatdan bir oy oldin tushunarsiz sabablarga koʻra ishdan ketmoqchi boʻlgan. Ona bu holatni oddiy tasodif deb hisoblamaydi.
Kenjayeva ekspertiza xulosalaridan norozi boʻlib, qayta ekspertiza oʻtkazish va ishni qayta tergov qilishni soʻrab bir necha bor tuman va viloyat prokuraturalariga murojaat qilganini bildirmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, bu murojaatlar yetarli darajada koʻrib chiqilmagan.
Faqat Respublika Bosh prokuroriga qilingan murojaatdan soʻng ishni qayta koʻrib chiqish harakatlari boshlangan. Ammo 2025-yil 18-sentyabrda ish yana tugatilgani maʼlum qilingan.
Ona hozirga qadar bir savolga javob izlamoqda: bu voqea haqiqatan ham oddiy yoʻl-transport hodisasimi yoki boshqa omillar ham mavjudmi?
Sanobar Kenjayeva farzandini qaytarib boʻlmasligini tan olgan holda, faqat adolat va haqiqatni talab qilmoqda. U shubhali holatlarga oydinlik kiritish uchun ishni qayta tergov qilishni soʻramoqda.
Effect.uz tahririyati ushbu holat yuzasidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganishda davom etadi. Shuningdek, Jizzax viloyati prokuraturasi va boshqa masʼul idoralardan rasmiy munosabat olish ishlari olib borilmoqda.


