⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

DXX ushladi, IIB «qo‘yib yubordi»: Xorazmdagi jinoyat ishi nega «yengillashtirildi»?

Administrator2 ч назад13 просмотров
DXX ushladi, IIB «qo‘yib yubordi»: Xorazmdagi jinoyat ishi nega «yengillashtirildi»?

Mazkur mulk bilan bog‘liq mojaro atrofidagi bahslar bir necha yildan buyon turli sud va tergov jarayonlarida davom etmoqda. Murojaatchi Xudoshukur Qalandarov va uning himoyachisi ma’lam qilishicha, voqealar 2020 yilda Qalandarovning Xiva hududidan yer sotib olishi bilan boshlangan.

Aytilishicha, u Rossiya Federatsiyasidan qaytib, o‘z yurtida yashash va uy qurish maqsadida 40 sotix yer maydonini notarial tartibda rasmiylashtirib, jami 75 ming AQSH dollariga xarid qilgan. Yer davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va shu vaqt davomida soliq to‘lovlari ham amalga oshirib kelingan. Murojaatchi tomonining ta’kidlashicha, keyinchalik hududda yer narxlari keskin oshganidan so‘ng yerni sotgan oila a’zolaridan biri mazkur mulkni qaytarib olishga harakat qilgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, dastlab 100 ming AQSH dollari, keyinroq esa 60 ming dollar talab qilingan. Uning aytishicha, bu talablar audioyozuvlar, yozishmalar va boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin.

Murojaatchilar iddaosiga ko‘ra, talab qilingan mablag‘ berilmaganidan keyin turli tahdidlar bo‘lgan. Suhbatlarda mulkka zarar yetkazish, qurilgan inshootlarni buzish va boshqa bosim usullari haqida gapirilgan. Qalandarovning aytishicha, oradan ko‘p o‘tmay uning hududida qurilgan ikki uy buzib tashlangan. Uning ta’kidlashicha, bu ishlar sud qarori yoki ijro hujjatlarisiz amalga oshirilgan. Shundan so‘ng murojaatchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, xususan Davlat xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan. Advokatning ma’lum qilishicha, maxsus tadbir tashkil qilinib, aytilgan mablag‘ning bir qismi — 60 ming AQSH dollarini olish jarayonida gumonlanuvchi ushlangan.

Biroq aynan shu nuqta ishdagi asosiy bahslarga sabab bo‘lmoqda. Murojaatchilarning fikricha, tahdidlar, pul talab qilish va maxsus tadbir natijalari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, jinoyat ishi keyinchalik tovlamachilik emas, balki Jinoyat kodeksining 229-moddasi — «o‘zboshimchalik» bo‘yicha baholangan. Sud esa mazkur huquqiy kvalifikatsiyani o‘zgarishsiz qoldirgan. Advokat bu qarorni bahsli deb hisoblamoqda. Uning fikricha, ish materiallarida aks etgan holatlarga huquqiy baho berishda bir qator ziddiyatlar mavjud bo‘lib, mazkur holatni qayta ko‘rib chiqish zarur.

Bu vaziyatda murojaatchi tomoni: «DXX 75 ming dollarni depozit qilib qo‘yib bergan va 60 ming dollarlik yirik tezkor tadbir o‘tkazgan edi. Nega DXX o‘tkazgan bu tadbirni keyinchalik ichki ishlar idoralari boshqa yo‘nalishga burib yubordi? Eng qizig‘i, tadbir o‘tkazilgan kundan atigi 12–13 soat o‘tib, jinoyatchilar ichki ishlar idorasidan suvdan quruq chiqqandek, hech qanday jiddiy jazosiz chiqib ketishgan», degan jiddiy va haqli e’tirozlarni ilgari surmoqda.

Mojaroning yana bir qismi yer hujjatlari bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida davom etgan. Sud qarorlari natijasida avval notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimi haqiqiy emas deb topilgan va yer avvalgi egalariga qaytarilgan. Murojaatchi esa shu vaqtga qadar to‘lagan mablag‘ini qaytarib ololmaganini bildirgan. Keyinchalik mazkur holatlar bo‘yicha yana bir jinoyat ishi ko‘rilgan. Advokatning ma’lum qilishicha, sud uch nafar shaxsni firibgarlik bilan bog‘liq moddalar asosida aybdor deb topgan hamda murojaatchiga yetkazilgan 75 ming AQSH dollarini undirish haqida qaror qabul qilgan. Hozirda mazkur ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.

Murojaatchilarning ta’kidlashicha, bu voqeada hali ham javobsiz qolayotgan savollar ko‘p. Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan maxsus tadbir o‘tkazilgan holatning nega ichki ishlar tomonidan «o‘zboshimchalik» sifatida baholangani, ikki uyning buzilishi bo‘yicha yetkazilgan zarar nima sababdan to‘liq hisoblanmagani va taqdim etilgan yaqqol dalillarga qanday huquqiy baho berilgani yuzasidan aniq izohlar berilmagan. Murojaatchilar mazkur holat bo‘yicha Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan huquqiy munosabat bildirilishini, DXX bayonnomalarini yengil moddaga burib yuborgan mas’ullarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanishini va ishdagi bahsli jihatlarga adolatli oydinlik kiritilishini so‘ramoqda.

Xorazmdagi ushbu mojaro shunchaki ikki tomon o‘rtasidagi mulkiy bahs emas, balki mamlakatdagi investitsiya muhiti, xorijdan qaytayotgan vatandoshlarning mulk daxlsizligi hamda huquq-tartibot organlarining o‘zaro muvofiqligi masalasini o‘rtaga chiqaruvchi jiddiy signaldir. Chet elda yillar davomida mehnat qilib, topgan mablag‘ini o‘z yurtiga olib kelgan va davlat notariusi orqali qonuniy yer sotib olgan fuqaroning bugunga kelib ham pulidan, ham yeridan, ham qurgan uylaridan ayrilib o‘tirishi aslo adolatdan emas.

Eng tashvishlisi, bir davlat organi (DXX) tomonidan katta miqdordagi pul bilan o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir natijalarining boshqa bir idora (IIB) tomonidan bir necha soat ichida «yengillashtirilishi» va jinoyat ishining yo‘nalishi tubdan o‘zgartirib yuborilishi qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchga soya soladi. Agar qonuniy rasmiylashtirilgan shartnomalar, davlat idoralarining muhrlari va maxsus tadbir dalillari ham fuqaro mulkini tahdid hamda o‘zboshimchalikdan himoya qila olmasa, oddiy xalq kimga ishonishi kerak?

Mazkur ishning apellyatsiya bosqichida yuqori turuvchi nazorat organlari tomonidan xolis va shaffof ko‘rib chiqilishi nafaqat Xudoshukur Qalandarovning huquqlarini tiklash, balki tizimdagi til biriktirish va qonunbuzarliklarga chek qo‘yish uchun ham suv va havodek zarur. Mazkur ish ortidan chiqariladigan adolatli qaror davlatning o‘z fuqarosi oldidagi mas’uliyati va mulk daxlsizligi amalda qanday ishlashini ko‘rsatuvchi bosh mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.

Поделиться:

Похожие новости

DXX ushladi, IIB «qo‘yib yubordi»: Xorazmdagi jinoyat ishi nega «yengillashtirildi»? | Effect.uz