Avvalroq Effect.uz Toshkentda “DNA Motors” MCHJ rahbari, Yangihayot tuman kengashining sobiq deputati Nargis Saidnazirxanova firibgarlikda gumonlanib qamoqqa olingani haqida xabar bergan edi.
Maʼlum qilinishicha, u Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ayblanmoqda. Tergov maʼlumotlariga koʻra, Saidnazirxanova xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolarning ishonchini suiisteʼmol qilgan holda pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, u bir qator mijozlarga Xitoydan elektromobil olib kelib berishni vaʼda qilib, ulardan pul olgani aytilmoqda.
Avvalroq Nargis Saidnazirxanova avtosalon faoliyati yuzasidan Effect.uzʼga izoh berib, avtomobillarni yetkazib berishda kechikishlar mavjudligini tan olgan va mijozlarni aldamaslikka kafolat bergan edi.

“Ayrim kechikishlar obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra yuz beradi. Bu holat shartnomada ham koʻrsatilgan”, — degan edi u.
Ochiq maʼlumotlarga koʻra, “DNA Motors” kompaniyasi soʻnggi toʻrt yildan buyon xorijdan elektromobillar olib kelish bilan shugʻullanib kelgan. Kompaniyaning 42,5 foiz ulushi Nargis Saidnazirxanovaga, 57,5 foizi esa Saidamil Saidnazirxanovga tegishli.
Aytilishicha, jamiyat faoliyatidan jabrlanganlar soni 50 nafardan ortiq boʻlishi mumkin. Shuningdek, Saidnazirxovaning deputatlik faoliyati bilan bogʻliq holatlar yuzasidan ham qariyb 10 nafar fuqaro tergov organlariga murojaat qilgan.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari yakunlangan. Ish ayblov xulosasi bilan Toshkent shahar prokuraturasi orqali sudga yuborilmoqda.
Tergov davomida jamiyat rahbari Nargis Saidnazirxanovaga bir nechta epizodlar boʻyicha ayb eʼlon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Shuningdek, jamiyat rahbari oʻrinbosarlari ham jinoyat ishi doirasida javobgarlikka tortilgan:
— Fazlitdin Ziyayevga (avval “Adolat” SDP markaziy apparatida boshqarma boshligʻi boʻlib ishlagan) nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

— Jamoliddin Mirsalixovga nisbatan ham xuddi shu modda bilan sirtdan ayb eʼlon qilinib, unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi belgilangan. Katta ehtimol bilan u, Oʻzbekistondan chiqib ketgan.





