⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Узбекистан

«2 milliard so‘m berdim, ammo mulk rasmiylashtirilmadi» — andijonlik tadbirkor tergovdan norozi

Administrator3 ч назад21 просмотров
«2 milliard so‘m berdim, ammo mulk rasmiylashtirilmadi» — andijonlik tadbirkor tergovdan norozi

Soxta va’dalar va 2 milliardlik bitim

Andijonlik tadbirkor Effect.uz'ga murojaat qilib, 1965 yilda tug‘ilgan Qambarxon Sidiqova ismli ayol tomonidan 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganini ma’lum qildi.

Voqea 2024 yilning may oylarida boshlangan. Murojaatchi ayolning tadbirkorlik takliflariga hamda Marhamat tumanidagi mulklari (zapravka, sovuqxona, ikki qavatli go‘zallik saloni va 9 gektar yer maydoni)ni sotmoqchi bo‘lganiga ishongan. Ushbu mulklarni 2 milliard so‘mga sotib olishga kelishilib, guvohlar ishtirokida, videokamera qarshisida tegishli mablag‘ topshirilgan va ayol tomonidan tushuntirish xatlari yozib berilgan.

«2 milliard so‘m pulni guvohlar bilan, o‘zining va mening roziligim bilan berganmiz. Ushbu jarayonlar videoga olingan, Xalq banki Marhamat tuman filiali orqali ham amaliyotlar bajarilgan. Ammo pulni olgach, ayol kreditda turgan mulklarni nomimizga o‘tkazib berishni paysalga solib, oxir-oqibat noma’lum tomonga g‘oyib bo‘ldi», — deydi jabrlanuvchi.

«Viloyat hokimi meni qo‘llab-quvvatlaydi» — ishonchga kirishning ustamona usuli

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, Qambarxon Sidiqova odamlarning ishonchiga kirish va o‘zini «kuchli tayanchga ega» qilib ko‘rsatish uchun turli ayyorliklardan foydalangan.

U atrofidagilarga va jabrlanuvchilarga viloyat hokimi (Shuhratbek Qoshaqevich) uni shaxsan qo‘llab-quvvatlashini pesh qilgan.

Tadbirkorning ta’kidlashicha u hammaga «Viloyat hokimi meni «poddejka» qiladi, meni qo‘llab-quvvatlaydi, deb yurar ekan. Odamlarning ishonchiga kirish uchun telefonini qulog‘iga tutib: «Assalomu alaykum, Shuhratbek Qoshaqevich...» deb yolg‘ondan so‘zlasharkan. Mojarolar boshlanganda, bir kuni shunday yolg‘on gaplashayotganida qo‘lidan telefonni olib qarasak, aslida hech kim bilan gaplashmayotgan va hammani aldab kelayotgani ma’lum bo‘ldi», deydi u

Asossiz yopilayotgan tergov va tahdidlar

Gumonlanuvchi ayol muqaddam ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha bir necha bor javobgarlikka tortilgan yoki unga nisbatan surishtiruvlar olib borilgan. Bundan tashqari, u mahallalarni uzumzor qilish loyihasi doirasida yetkazib berilgan 260 million so‘mlik temir mahsulotlari pulini ham to‘lamasdan kelayotgani aytilmoqda.

Shunga qaramay, Marhamat tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan olib borilgan surishtiruvlar bir tomonlama o‘tkazilib, JPKning 83-moddasi 2-bandi (jinoyat tarkibi yo‘qligi) bilan ish tugatilgan.

«IIB tergovchisiga videodalillarni, bank kvitansiyalarini va guvohlar ro‘yxatini topshirdim. Ammo biror marta yuzlashtiruv o‘tkazilmadi. Ko‘p o‘tmay, ayolning qizi menga qo‘ng‘iroq qilib, tergov sirlaridan xabardorligini aytib, haqorat va tahdidlar qildi. Tergov jarayoni shaffof olib borilmayapti. Ish bir tomonlama ko‘rildi, deb hisoblayman», — deydi jabrlanuvchi.

15 ta oila va 85 yoshli ota taqdiri xavf ostida

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor ushbu mablag‘larni bank krediti evaziga olgan va hozirda bankka 28 foizli ustama to‘lab kelmoqda. Qarzdorlik sababli bank tadbirkor va uning 85 yoshli otasi nomidagi mulklarni musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan.

Mazkur tadbirkorlik subyektida 15 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, kelajakda yana 50 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan edi. Yuzaga kelgan moliyaviy firibgarlik sababli korxona bankrotlik va yopilish yoqasida turibdi.

«Hozir 15 ta oilaning ro‘zg‘orini ta’minlab turibmiz. Kreditlarimizni to‘lash qiyinlashdi, bank sudga berish haqida ogohlantirmoqda», — deydi u kuyinib.

Yuqori idoralardan adolat kutilmoqda

Tadbirkor yuzaga kelgan adolatsizlik yuzasidan ichki ishlar vaziri, bosh prokuror hamda Andijon viloyati hokimidan mansabdor shaxslarning e’tiborsizligiga chek qo‘yish va adolatni qaror toptirishni so‘ramoqda:

«Prezidentimiz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda, biz 20 yillik mehnatimizdan ajralib qolish arafasidamiz. Bosh prokurorimizdan va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘idan ushbu ishni o‘z nazoratiga olishlarini, surishtiruv va tergov jarayonlarida shaffoflikni ta’minlab, jinoyatga aloqador shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘raymiz», — deydi tadbirkor.

Tahririyat ushbu voqealar rivojini kuzatgan holda, huquq-tartibot organlari hamda viloyat hokimligining rasmiy munosabatini kutib qoladi.

Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.

Поделиться:

Похожие новости

«2 milliard so‘m berdim, ammo mulk rasmiylashtirilmadi» — andijonlik tadbirkor tergovdan norozi | Effect.uz