World

Yangi arxeologik topilmalar Troya tarixiga oydinlik kiritmoqda

Administrator2 h ago4 views
Yangi arxeologik topilmalar Troya tarixiga oydinlik kiritmoqda

Hozirda Gomerning boqiy eposi asosida suratga olingan “Odisseya”ning yangi ekran talqini dunyo kinoteatrlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. “Iliada” va “Odisseya” dostonlarida tasvirlangan Troya nafaqat afsonalarda, balki tarixda ham muhim o‘rin tutgan qadimiy shahardir. Turkiyaning Chanakkale viloyatida joylashgan ushbu maskan besh ming yildan ortiq tarixni o‘z bag‘rida saqlab kelmoqda.

Bugungi kunda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi rahbarligida davom etayotgan arxeologik qazilmalar Troya tarixining yangi qirralarini ochib bermoqda. 2026-yilgi qazilma mavsumi doirasida arxeolog va tadqiqotchilar Troya hamda afsonaviy Troya urushiga oid yangi dalillarni aniqlash ustida izchil ish olib bormoqda. Asrlar davomida tuproq qa’rida qolib ketgan ko‘plab topilmalar qadimiy shahar o‘tmishini yanada chuqurroq anglash imkonini bermoqda.

Yangi qazilmalar Troya urushiga oid izlarni ochib bermoqda

Troya hududida olib borilayotgan navbatdagi arxeologik qazilmalar davomida Rim davriga oid Quyi shahar qismida ustunli ko‘chalar va qadimiy savdo rastalari qoldiqlari topildi. Ushbu topilmalar o‘sha davrdagi shahar hayoti va savdo faoliyati haqida yangi ma’lumotlar taqdim qilmoqda. Shu bilan birga, tadqiqotchilar Troya VI–VII madaniy qatlamlaridagi Janubiy darvoza atrofida afsonaviy Troya urushi bilan bog‘liq vayronagarchilik izlarini o‘rganmoqda. Qazilmalar Troya qal’asi hududida ham davom etib, Bronza davri saroy majmualariga oid yangi topilmalarni aniqlashga qaratilgan.

Har bir yangi topilma Troya tarixining ilgari noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochib bermoqda. Shu bois qadimiy shahar tarix va mifologiya ixlosmandlari uchun hanuz muhim tadqiqot hamda sayohat manzillaridan biri bo‘lib qolmoqda.

5 ming yillik tarixni o‘zida mujassam etgan o‘n madaniy qatlam

Troya dunyodagi eng noyob arxeologik yodgorliklardan biridir. Qadimiy shahar, avvalo, Troya urushi haqidagi afsonalari bilan mashhur. Shuningdek, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu maskan ilk bronza davridan Sharqiy Rim (Vizantiya) davrigacha bo‘lgan besh ming yildan ortiq tarixni o‘zida mujassam etadi. Shahar hududida aniqlangan o‘nta tarixiy-madaniy qatlam esa turli davrlardagi hayot va taraqqiyot jarayonini izchil kuzatish imkonini beradi.

Troya VI davriga oid mahobatli mudofaa devorlaridan tortib, Rim davridagi shahar hayoti izlarigacha bo‘lgan arxeologik topilmalar tarixni vaqt qatlamlari bo‘ylab his etish imkonini beradi.

Troya tarix davomida, avvalo, o‘zining qulay geografik joylashuvi bilan alohida ahamiyat kasb etgan. Shahar Yevropa va Osiyo, shuningdek, Egey hamda Qora dengiz oralig‘idagi strategik chorrahada joylashgani bois asrlar davomida uzluksiz aholi istiqomat qiladigan maskan bo‘lib kelgan. Dardanell bo‘g‘ozidagi shamollar va dengiz oqimlari kemalar uchun xavfsiz qo‘nalgoh yaratgan, natijada Troya savdo va madaniy almashinuvning muhim markazlaridan biriga aylangan.

Afsona va tarix tutashgan maskan

Troya kabi ulkan tarixiy ahamiyatga ega shahar Gomer va Vergiliy singari buyuk shoirlar ijodida abadiylashtirilgani bejiz emas. Ularning dostonlari Troya nomini oddiy tarixiy shahar maqomidan yuksaltirib, jahon madaniy merosining ajralmas qismiga aylantirdi. Gomerning “Iliada” dostoni qahramonlik timsoli sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, Vergiliyning “Eneida”asarida Troya Rim sivilizatsiyasining afsonaviy ibtidosi sifatida tasvirlanadi. Asarga ko‘ra, shahar qulagach, shahzoda Eney “Yangi Troya” ni barpo etish maqsadida uzoq safarga otlanadi va nihoyat Latsiyga yetib boradi. Miloddan avvalgi 753-yilda uning avlodlari aynan shu yerda Rim shahriga asos solgan, degan rivoyat mavjud.

Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi XIII asr atrofida yong‘in natijasida vayron bo‘lgan Troya VII madaniy qatlami ko‘pincha “Iliada”da tilga olingan shoh Priam hukmronlik qilgan shahar bilan bog‘lanadi. Qazilmalar davomida aniqlangan topilmalar Troyaning o‘sha davrda yuksak taraqqiy etgan va boy shahar bo‘lganini tasdiqlaydi. Ayni paytda tadqiqotchilar Gomer eposida tasvirlangan voqealar bilan Troya tarixiy haqiqatini yanada aniqroq bog‘lash ustida izlanishlarni davom ettirmoqda.

So‘nggi yillarda topilgan xett yozma manbalari hamda luviy muhri Troyaning Onado‘li sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lganini tasdiqladi. Shu tariqa qadimiy shahar nafaqat Gomer dostonlarining timsoli, balki chuqur tarixiy ildizlarga ega va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ta’sir ko‘rsatgan Onado‘li markazlaridan biri sifatida ham e’tirof etilmoqda.

Troya muzeyi: Troya tarixi bo‘ylab sayohat

Qadimiy Troya shahri kirish qismida joylashgan Troya muzeyi zamonaviy ekspozitsiya va hikoyachilik usullari orqali Troya tarixini jonlantiradi. Muzey ekspozitsiyasi yetti mavzu asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda Troya qazilmalaridan topilgan turli arxeologik ashyolar namoyish etiladi. Qabr toshlari, yirik haykallar, noyob topilmalar va boy fotojamlanmalar muzeyni Troyaning tarixini yorituvchi muhim ilmiy va madaniy markazga aylantirgan.

Troya va uning muzeyi haqida so‘z borganda, ayni paytda Italiyada davom etayotgan yirik ko‘rgazmani ham alohida ta’kidlash lozim. 2026-yil 12-iyundan 18-oktabrgacha Rimdagi Kolizey arxeologik bog‘ida “Troya va Rim: Qadimgi O‘rta yer dengizi afsonalari, rivoyatlari va tarixlari” nomli xalqaro ko‘rgazma o‘tkazilmoqda. Unda 300 dan ortiq eksponat, jumladan, Turkiyaning 19 muzeyidan olib kelingan 220 dan ortiq arxeologik topilma namoyish etilmoqda.

 

Share:

Related News

Yangi arxeologik topilmalar Troya tarixiga oydinlik kiritmoqda | Effect.uz