⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Oʻzbekistonda 598 ta noqonuniy qurol aniqlandi

Administrator6 h ago6 views
Oʻzbekistonda 598 ta noqonuniy qurol aniqlandi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi muvofiqlashtiruvida huquq-tartibot organlari orasida yoʻlga qoʻyilgan idoralararo mustahkam hamkorlik sohadagi qonunbuzarliklarni oldini olish, aniqlash va tezkorlik bilan bartaraf etishda oʻz samarasini bermoqda.

Xususan, joriy yilning boshidan buyon huquq-tartibot organlari hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlar natijasida 7,5 mingdan ziyod qurol muomalasiga doir qonunchilik buzilishi holatlari aniqlangan boʻlib, 598 ta noqonuniy qurol va 3,2 mingga yaqin oʻq-dorilar olib qoʻyilgan.

Ushbu holatlar boʻyicha 264 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 44 ta, Fargʻona viloyatida — 39 ta qayd etilgan. Eng kami Jizzax hamda Xorazm viloyatlariga — 5 tadan toʻgʻri keladi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 48 mingdan ortiq fuqaro ov qurolini saqlash va ishlatishga ruxsatnomaga ega. Ularning ovchilik faoliyati ham doimiy davlat organlari nazoratida.

Jumladan, muntazam ravishda brakonyerlikka qarshi kurashish reydlari oʻtkazilib kelinadi. Joriy yilning oʻtgan davrida 2 mingga yaqin reyd tadbirlari tashkil etilib, 575 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Bevosita hayvonot dunyosi obyektlarini noqonuniy ovlaganlik boʻyicha 55 ta holat aniqlangan. Eng koʻp holatlar Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri keladi — 12 tadan. Brakonyerlik faoliyati tufayli tabiatga jami 4,3 mlrd soʻm zarar keltirilgan, ularning deyarli teng yarmi Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga toʻgʻri keladi.

Oʻtkazilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari natijasida fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda 433 qurol va 3 mingdan ziyod oʻq-dorilar topshirilgan. Bu esa, oʻz navbatida, aholining huquqiy ongi va masʼuliyati oshib borayotganidan dalolat beradi.

Ushbu koʻrsatkichlar mamlakatimizda qurollar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda noqonuniy aylanmani bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlarning izchil va samarali ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Share:

Related News

Oʻzbekistonda 598 ta noqonuniy qurol aniqlandi | Effect.uz