⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Society

“Credit House”: firibgarlik qurboni boʻlgan fuqarolar Prezidentdan yordam soʻramoqda

Administrator3 h ago145 views
“Credit House”: firibgarlik qurboni boʻlgan fuqarolar Prezidentdan yordam soʻramoqda

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “Bogʻishamol” turar-joy majmuasidan kvartiralarni qonuniy asosda sotib olgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat qildi.

Ularning taʼkidlashicha, kvartiralar notarial tasdiqlangan dastlabki oldi-sotdi shartnomalari asosida qonuniy ravishda sotib olingan. Biroq keyinchalik ushbu kvartiralar xaridorlardan yashirin holda bank garoviga qoʻyilgani maʼlum boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, birinchi instansiya Yakkasaroy sudi fuqarolarni jabrlanuvchi sifatida eʼtirof etgan. Ish boʻyicha 9 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan edi. Jumladan, ishda asosiy aybdorlardan biri sifatida koʻrsatilgan Dmitriy Bajenov 9-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Uch nafar ayol sudlanuvchiga nisbatan esa shartli jazo qoʻllanilib, 3-yillik sinov muddati belgilangan.

Biroq murojaatchilarning aytishicha, ularning halol xaridor sifatidagi huquqlari, kvartiralarning keyingi taqdiri va garov shartnomalarining huquqiy oqibatlariga toʻliq baho berilmagan. Eng asosiy muammo esa shundan keyin yuzaga kelgan.

Eng muhimi, bank fuqarolik sudi orqali garovdagi mulkka undiruv qaratish haqida qaror olgan. Natijada jinoyatdan jabrlangan xaridorlar oʻzlari qonuniy ravishda pul toʻlab sotib olgan uy-joylaridan mahrum boʻlish xavfiga duch kelmoqda.

Ayni paytda “Credit House” ishi boʻyicha jinoyat ishi Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida koʻrilmoqda. Unda ish boʻyicha jabrlangan fuqarolar masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Avvalroq, Effect.uz muxbiri sud jarayonida ishtirok etib, mazkur muhokamalarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishga cheklov qoʻyilganini maʼlum qilgan edi.

“Sudyalar bu masalaga baho berish vakolatiga kirmasligini bildirmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Shu bilan birga, halol xaridorlarning kvartiralarga boʻlgan mulkiy huquqi bilan bogʻliq masala Toshkent shahar fuqarolik sudida koʻrib chiqilmoqda.

Murojaatchilar Prezidentdan sudlarga bosim oʻtkazish yoki ularga imtiyoz berishni emas, Konstitutsiya va qonunlarning barchaga bir xil qoʻllanilishini hamda halol mehnat bilan sotib olingan uy-joylarga boʻlgan huquqlarining himoya qilinishini soʻramoqda.

“Biz sudlarga bosim oʻtkazilishini yoki imtiyoz berilishini soʻramayapmiz. Biz faqat Konstitutsiya va qonunlar hamma uchun bir xil qoʻllanilishini, halol mehnatimiz bilan sotib olgan uyimizga boʻlgan huquqimiz himoya qilinishini va adolat qaror topishini soʻraymiz”, — deyiladi murojaatda.

Murojaatchilar oʻz talablarini Konstitutsiyaning 29-moddasi bilan ham asoslagan. Unda huquqbuzarliklardan jabrlangan shaxslarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat ularga himoyalanish va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” bilan bogʻliq holatni ochiq tilga olgan edi.

Davlat rahbari ushbu kompaniyalar kvartira sotish vaji bilan 2 ming nafar fuqaroni aldab, 490 mlrd soʻm pullarini oʻzlashtirgani haqida maʼlum qilgan.

“Oʻzbekistonda boʻlyapti bu gaplar. ... “Credit House”, “In Fin Stroy Invest” qurilish korxonalari kvartira sotish vaji bilan 2000 nafar fuqaroni aldab, 490 mlrd soʻm pullarini oʻzlashtirgan. ... Jahongir Xatamov, tashkilotingiz bunday uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qachon barham beradi? Sizlar qilmasanglar kim qiladi, Xatamov?” — degan Prezident.

Bugun, 14-avgust kuni esa xaridorlarning kvartiralari boʻyicha fuqarolik sudida muhim jarayon boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Jamoatchilik uchun asosiy savol ham shu: jinoyatdan jabrlangan deb topilgan, kvartira uchun qonuniy ravishda pul toʻlagan xaridorlarning mulkiy huquqi qanday himoya qilinadi?

Share:

Related News

“Credit House”: firibgarlik qurboni boʻlgan fuqarolar Prezidentdan yordam soʻramoqda | Effect.uz