Pul toʻlangan, uy qurilgan — ammo yashashga ruxsat yoʻq. 60 oilaning taqdiri sud qarorlari ortidan mavhum boʻlib turibdi.
Buxoro viloyatida 60 nafar oilaga tegishli koʻp qavatli uy atrofidagi mojaro hal etilmagan. Maʼlum qilinishicha, Qorovulbozor tumani sudida 2026-yil 25-fevral kuni mazkur ish koʻrib chiqilib, uy egalari taqdiri muhokama qilingan.
Fuqarolar ushbu uydan xonadonlarni 2021-yilda xarid qilgan. Loyihaga koʻra, bino 2022-yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq qurilish ishlari turli sabablarga koʻra kechikkan.
Shunga qaramay, aksariyat xaridorlar toʻlovlarni toʻliq amalga oshirgan. Keyinchalik esa qurilishning qolgan qismi ham fuqarolarning oʻz mablagʻlari hisobidan yakunlanib, bino deyarli tayyor holatga keltirilgan.
Biroq sud tomonidan uy rasman foydalanishga topshirilmagani sabab, uni auksionga chiqarish masalasi koʻtarilgan. Bu esa xonadon egalari noroziligiga sabab boʻlmoqda.
Fuqarolarning taʼkidlashicha, uy qurilishi va uni yakunlash uchun 3 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan. Ayrim fuqarolar esa barcha mol-mulkini sotib, ushbu uyga sarmoya kiritgan.
Hozirda uy sud qarori bilan taqiqlangani bois foydalanishga topshirilmayapti. Fuqarolar bu holatni ziddiyatli deb baholab, mutasaddi tashkilotlardan masalaga aniqlik kiritish va adolatli yechim topishni talab qilmoqda.



