AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan oʻtkazgan telefon muloqoti “keskin” ruhda oʻtgani xabar qilinmoqda. Manbalarga koʻra, tomonlar Eron bilan bogʻliq mojaroni hal etish borasida qarama-qarshi pozitsiyada.
Xabarlarda aytilishicha, Vens mojaroni muzokaralar orqali yakunlash tarafdori boʻlsa, Netanyaxu Erondagi amaldagi rejimni toʻliq yoʻq qilish gʻoyasini ilgari surmoqda.
Iroq urushi veterani boʻlgan Vens avvaldan AQSH armiyasining xorijdagi mojarolarda ishtirok etishiga ehtiyotkorlik bilan yondashishi bilan tanilgan.
U avvalroq Vashington tashqi siyosatda “oʻtmish xatolarini takrorlamaslik” kerakligini taʼkidlagan edi. Shu bilan birga, u mojaro boshlanishiga faqat “tez va kuchli zarba” orqali qisqa muddatda natijaga erishish sharti bilan rozilik bergani qayd etilmoqda. Biroq, kutilganidan farqli ravishda, Eron tomoni qarshilik koʻrsatishda davom etmoqda.
Vens Netanyahuning ayrim bashoratlarini ortiqcha deb baholagan, xususan, Eronda ommaviy qoʻzgʻolon orqali hokimiyat almashishi ehtimoli haqidagi fikrlarga shubha bildirgan.
“Urushdan oldin Netanyaxu vaziyatni oson va tez hal boʻladigandek koʻrsatgan. Vitse-prezident esa bu bayonotlarga hissiyotsiz, real yondashuv asosida qayta baho berdi”, — deydi manbalardan biri.
Shu bilan birga, Vens BAA va Qatar delegatsiyalari bilan ham muzokaralar oʻtkazgani, shuningdek, Eron bilan bilvosita muloqotlarda ishtirok etayotgani aytilmoqda. Bu harakatlar AQSH maʼmuriyati urushni imkoni qadar tez yakunlash niyatida ekanini koʻrsatishga qaratilgan.
Ammo Saudiya Arabistoni Isroil kabi harbiy harakatlarni davom ettirish tarafdori boʻlib qolmoqda.
Ayni paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp hukumat yigʻilishida Vensdan urush boʻyicha yangilangan maʼlumot berishni soʻragan va undan muzokaralar jarayonida faol qatnashishni soʻragan.




