Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi oilaviy korxona vakili fuqarolarni “Umra” ziyoratiga yuborish uchun tegishli vakolatga ega bo‘lmasada, o‘zganing ishonchiga kirib, u va uning 2 nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga muborak safarga jo‘natish hamda ezgu amallarni to‘la-to‘kis ado etishlari uchun sharoit yaratib berish evaziga 3450 AQSH dollari talab qilgan.
Lekin, u so‘ralgan pul mablag‘idan 3000 dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holati Namangan viloyatida ham qayd etildi.
Xususan, Namangan tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 1350 AQSH dollari talab qilib, oldindan 1200 dollar olgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan “Umra” ziyoratini tashkil etishni va’da qilayotgan shaxslarning litsenziyalarini tekshirish, shubhali takliflarga aldanmaslik hamda to‘lovlarni amalga oshirishda ehtiyotkor bo‘lish so‘raladi.




