⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Jamiyat

Uchtepadagi qurilish mojarosi: 5 qavatli uy oʻrniga 16 qavat vaʼda qilingan, odamlar yana aldandi

Administrator17 soat oldin37 ko'rishlar

Effect.uz tahririyatiga Toshkent shahri Uchtepa tumani Bogʻobod mahallasidagi qurilish obyektidan norozi fuqarolar murojaat qildi.

Fuqarolarning aytishicha, mahallada “Great Vertex” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish dastlab 5 qavatli turar joy sifatida rejalashtirilgan. Biroq keyinchalik jamiyat vakillari mijozlarga 16 qavatli uy qurilishi haqida maʼlumot bergan.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Effect.uz manbasiga koʻra ish doirasida kompaniya rahbari Zafar Asadov qamoqqa olingan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yetkazilgan zarar 20–30 mlrd soʻm atrofida boʻlishi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur brend navoiylik tadbirkor Sunnattila Toʻrayevga tegishli ekani aytilmoqda. U ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini Uchtepa City loyihasining asoschisi sifatida tanishtiradi. Tahririyatda mavjud maʼlumotlarga koʻra, Toʻrayevning Uchtepa Citydan tashqari ham bir qator biznes loyihalari mavjud.


Yer ajratish tarixi

Effect.uz ixtiyoridagi maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilda Uchtepa tumanining oʻsha vaqtdagi hokimi Shavkatbek Ergashev 96 sotix yer maydonini “Elegant Avto Servis” MCHJga ajratib bergan.

Qarorga koʻra, ushbu yer maydonida faoliyat turini oʻzgartirmaslik sharti bilan koʻp qavatli avtoturargoh qurilishi belgilangan.

Keyinchalik yer maydoni “Great Vertex” MCHJ ixtiyoriga oʻtgan. 2019-yilda jamiyat obyektni ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat olgan.

2023-yil 23-iyunda esa 5 qavatli turar joy majmuasi uchun Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ijobiy xulosa berilgan.


Loyiha oʻzgarganmi?

Bir muddatdan soʻng qurilish kompaniyasi obyektni balandroq qilib qurish loyihasini ishlab chiqqan. Yangi loyihaga koʻra:

2 ta 16 qavatli

3 ta 8 qavatli

binolar qurilishi rejalashtirilgan.

Biroq 2025-yil fevral oyida Qurilish vazirligi ushbu loyiha poytaxtning bosh rejasiga zid ekanini bildirib, rad etgan. Shu bilan birga, qurilish ishlarining ayrim bosqichlari davom etgan.


Qurilishda qoidabuzarliklar aniqlangan

Qurilish inspeksiyasi maʼlumotiga koʻra, obyektda bir necha marta tekshiruv oʻtkazilgan.

Nazorat tadbirlari davomida qurilish-montaj ishlarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilinmagani aniqlangan.

Xususan:

yerostiga 1,5 metr qazish belgilangan boʻlsa,

amalda 2,5 metrgacha kovlash ishlari olib borilgan.

Inspeksiya jami 13-marta tekshiruv oʻtkazib, 12 ta yozma koʻrsatma bergan.

Talablar bajarilmagani sababli buyurtmachi “Great Vertex” MCHJ mansabdori Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 99-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.


Reklama va sotuv masalasi

Qurilish vazirligi loyihani tasdiqlamaganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda 16 qavatli uylar sotuvi boʻyicha reklamalar tarqalgan.

Effect.uz muxbirlari tanishgan shartnomalardan birida quruvchi mijozga 7-qavatdan xonadon sotgani qayd etilgan. Holbuki, tasdiqlangan loyiha 5 qavatli turar joy majmuasini nazarda tutgan. Hozircha 5-qavatdan yuqori xonadonlardan nechtasi sotilgani aniq emas.


Sotuv ofisi muhrlangan

Effect.uz muxbirlari vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Uchtepa City loyihasining sotuv ofisiga bordi va ofis tergov organlari tomonidan muhrlanganiga guvoh boʻldi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bu jamiyatdan jabrlangan odamlarni faqat bir savol qiynaydi: pullar qaytadimi? Effect.uz tahririyati ushbu masala yuzasidan tegishli davlat idoralari va loyihaga aloqador shaxslarning rasmiy munosabatini olishga harakat qiladi. Voqealar rivojini kuzatib boring.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Uchtepadagi qurilish mojarosi: 5 qavatli uy oʻrniga 16 qavat vaʼda qilingan, odamlar yana aldandi | Effect.uz