Xorazmlik tadbirkorlarning aytishicha, ularning muammolari bir necha yildan buyon davom etib kelmoqda. Shu vaqt davomida turli idoralarga arizalar kiritilgan, prokuratura va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilingan. Ayrim holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani aytilsa-da, murojaatchilar tergov jarayonlarining cho‘zilib ketgani va o‘zlari kutgan natijaga erishmaganidan norozi.

Tadbirkorlar bu gal Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdulhakim Eshmuratov qabulida bo‘lishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qabul davomida har bir murojaat alohida tinglangan, masalalarni qonun doirasida ko‘rib chiqish va vakolat doirasida nazoratga olish bildirilgan. Endi murojaatchilar ushbu uchrashuvdan keyin o‘z ishlari yuzasidan amaliy natija bo‘lishini kutmoqda.
Ta’kidlanishicha, murojaat qilishdan maqsad biror shaxsni asossiz ayblash emas, balki o‘z huquqlarini tiklash, yetkazilgan zararga huquqiy baho berilishi va qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning harakatlari tekshirilishini ta’minlashdir.
Murojaatchilardan biri Sarvar Amanovga ko‘ra, u boshqa shaxslarning kredit majburiyatlari bilan bog‘liq holatlar natijasida qiymati milliardlab so‘m bilan baholanadigan mol-mulkidan ayrilgan. Uning bildirishicha, o‘z mol-mulki boshqa shaxsning kredit majburiyatlari uchun garovga qo‘yilishiga erishilgan, keyinchalik esa ushbu mulk sotilib ketgan. Tadbirkor bu jarayonda aldash yo‘lidan foydalanilganini iddao qilmoqda.

Murojaatda garovga qo‘yilgan mulkning qiymati, uni sotish jarayoni va sotuvdan tushgan mablag‘larning taqsimlanishi bilan bog‘liq savollar ham ko‘tarilgan. Tadbirkorning aytishicha, garovga qo‘yilgan mulk taxminan 2,5 milliard so‘mga baholangan bo‘lsa, u 5,5 milliard so‘mga sotilgan. U sotuvdan tushgan mablag‘ning garov qiymatidan ortiq qismi bo‘yicha ham e’tirozlari borligini bildirgan.

Sarvar Amanovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vaziyat oqibatida uning tadbirkorlik faoliyati jiddiy zarar ko‘rgan. Uning korxonasida ilgari ko‘plab ishchilar mehnat qilgani, hozir esa biznes bankrotlik yoqasiga kelib qolgani aytilmoqda. Tadbirkor mazkur holatga huquqiy baho berilishi, mol-mulki bilan bog‘liq vaziyat atroflicha o‘rganilishi va yetkazilgan zararni qoplash masalasi qonuniy hal etilishini so‘ramoqda.
Bu holatda asosiy masala nafaqat tadbirkorning mol-mulkidan ayrilgani, balki garov bitimi qanday sharoitda tuzilgani, kredit oluvchi shaxslarning maqsadi va harakatlari, bankning tekshiruvlari hamda mulkni sotish jarayonida qonun talablariga rioya etilgan-etilmaganini aniqlashdan iborat. Murojaatchining iddaolari tegishli hujjatlar va vakolatli organlar tekshiruvi asosida baholanishi lozim.
Yana bir murojaatchi Odilbek Xudoyberganovning e’tirozlari esa tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarish uchun olingan uskunalar bilan bog‘liq. Uning aytishicha, korxonaga taqdim etilgan uskunalarning qiymati, texnik imkoniyatlari va komplektatsiyasi shartnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarga mos kelmaydi.

Tadbirkorning bildirishicha, uskunalar taxminan 340 ming AQSH dollari qiymatida ekani aytilgan, biroq keyingi baholash jarayonida ularning qiymati 113 ming dollar atrofida ekani ma’lum bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ayrim jihozlar, jumladan, mahsulotni qadoqlash va sterilizatsiya qilish uskunalari ham to‘liq mavjud emas.
Murojaatchi ushbu masala yuzasidan Xitoyga borib, uskunalar yetkazib berilishi va shartnoma shartlariga oid ma’lumotlarni mustaqil ravishda to‘plaganini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib beruvchi tomon tovarlar to‘liq yetkazib berilmaganini bildirgan, ammo tadbirkorning iddaosicha, rasmiy hujjatlarda ular to‘liq yetkazib berilgani ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasida jinoyat ishi mavjudligi aytilmoqda. Biroq murojaatchi tergov jarayoni bir necha yildan buyon davom etayotgani, ish vaqti-vaqti bilan faollashib, keyin yana to‘xtab qolishidan norozi. Uning ta’kidlashicha, uskunalarning haqiqiy holatini aniqlash uchun zarur ma’lumotlarni to‘plash va taqdim etishga ham harakat qilgan.
Tadbirkor ushbu ish bo‘yicha barcha hujjatlar, shartnomalar, to‘lovlar va yetkazib berilgan uskunalarning amaldagi holati o‘zaro solishtirilishini, mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini hamda tergov yakuniga yetkazilishini so‘ramoqda.
Uning aytishicha, ushbu loyiha amalga oshirilganida korxonada yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin edi. Uning bildirishicha, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish orqali xodimlar sonini 35 nafardan 75 nafargacha oshirish rejalashtirilgan. Biroq uskunalar bilan bog‘liq muammolar sababli bu rejalar to‘liq amalga oshmagan.
Sapoyib Bobojonning murojaati esa akvapark bilan bog‘liq mulkiy nizoga taalluqli. Uning aytishicha, akvapark 2018 yilda xizmat ko‘rsatish sharti bilan, nol qiymatda va doimiy foydalanish huquqi asosida rasmiylashtirilgan. Tadbirkor ushbu obyektni saqlash, ta’mirlash va rivojlantirish uchun mablag‘ sarflaganini, shuningdek, tegishli soliqlarni to‘lab kelganini bildirmoqda.

Murojaatchiga ko‘ra, 2022 yilda akvapark undan olinib, «Xorazm elektr tarmoqlari» tizimi balansiga o‘tkazilgan. Keyinchalik esa obyekt boshqa korxonaga berilgan. Tadbirkor bu jarayonda qonun talablari va tegishli qarorlar shartlariga rioya etilmaganini ta’kidlab, mol-mulkning bir subyektdan boshqasiga o‘tkazilishiga asos bo‘lgan hujjatlarni tekshirishni talab qilmoqda.
Uning aytishicha, akvaparkni rivojlantirish va zamonaviy attraksionlar o‘rnatish bo‘yicha rejalari bo‘lgan, bu borada hokimlikka murojaatlar ham kiritilgan. Biroq mulk bilan bog‘liq nizo ushbu rejalarning amalga oshishiga to‘sqinlik qilgan.
Tadbirkor bu masala bo‘yicha bir necha yildan buyon turli idoralarga murojaat qilib kelayotganini, hatto viloyat prokuraturasi qabuliga ham ko‘p marta kirganini aytmoqda. Uning ta’kidlashicha, ayrim sud jarayonlari va taqdim etilgan hujjatlarga qaramay, akvaparkka bo‘lgan huquqlarini tiklash masalasi hanuzgacha hal etilmagan.
To‘rtinchi murojaatchi Qalandarov Xudoshukurning e’tirozlari esa uy-joy va yer uchastkalari bilan bog‘liq. Uning aytishicha, unga tegishli bo‘lgan ikki uy buzilgan, yer uchastkalari esa tortib olingan. Murojaatchi bu jarayonda tovlamachilik, mol-mulkka nisbatan noqonuniy harakatlar va bosim o‘tkazish holatlari bo‘lganini iddao qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatlar bo‘yicha davlat xavfsizligi organlari tomonidan tadbir o‘tkazilib, ayrim shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan. Biroq murojaatchi belgilangan jazo sodir etilgan qonunbuzilish darajasiga mos emas, deb hisoblaydi. Shuningdek, u o‘z mol-mulkiga yetkazilgan zarar qoplanmagani va buzilgan huquqlari to‘liq tiklanmaganini ta’kidlamoqda.

Murojaatchi, shuningdek, uylari buzilgani va unga nisbatan bosimlar davom etganini aytgan. Uning aytishicha, ayrim shaxslar davlat idoralarida ishlashiga qaramay, mazkur holatlar bo‘yicha yetarli chora ko‘rilmagan. Uylarning buzilishi va yerga bo‘lgan huquqlarning o‘zgarishiga asos bo‘lgan hujjatlar, shuningdek, bu jarayonda ishtirok etgan shaxslarning harakatlari tekshirilishini so‘ramoqda.

Tadbirkorlar o‘z muammolarini faqat Senat qabulida emas, balki avval ham turli idoralar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘tarib kelganini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, ayrim murojaatlar yuzasidan va’dalar berilgan, ishlar nazoratga olingani aytilgan, ammo amalda kutilgan o‘zgarishlar kuzatilmagan.
Murojaatchilardan biri ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan chiqishlar ortidan ayrim masalalarda ijobiy siljishlar bo‘lganini ham qayd etdi. Jumladan, bankka o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mablag‘ bilan bog‘liq jarayonni vaqtincha to‘xtatish chorasi ko‘rilgani aytildi. Biroq bu hali muammo to‘liq hal etilganini anglatmaydi.
Tadbirkorlarning fikricha, muammolarni faqat alohida murojaatlarni qabul qilish yoki ularni nazoratga olish bilan cheklab bo‘lmaydi. Eng muhimi, har bir ish bo‘yicha aniq huquqiy xulosa chiqarilishi, tergov harakatlari belgilangan tartibda olib borilishi, mulkiy nizolarga qonuniy yechim topilishi va murojaatchilarga asoslantirilgan javob berilishi zarur.
Bu masalalarning yana bir muhim tomoni — ularning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlaridir. Murojaatchilarning aytishicha, ayrim korxonalarda yuzlab odamlar ishlagan, ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilishi kutilgan, yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Biroq mulk, kredit va uskunalar bilan bog‘liq nizolar natijasida tadbirkorlik faoliyati izdan chiqqan, ayrim korxonalar bankrotlik xavfi ostida qolgan.
Albatta, har bir nizoning tafsilotlari va tomonlarning huquqiy pozitsiyasi alohida o‘rganilishi kerak. Tadbirkorlarning iddaolari hali o‘z-o‘zidan qonunbuzilish sodir etilganini anglatmaydi. Shu bilan birga, yillar davomida hal etilmayotgan murojaatlar, cho‘zilayotgan tergov jarayonlari va mulkiy huquqlarni tiklash bilan bog‘liq savollar vakolatli idoralardan aniq va asoslantirilgan munosabatni talab qiladi.
Zero, tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi nafaqat muayyan korxona egasi, balki shu yerda mehnat qiladigan xodimlar, ularning oilalari va mahalliy iqtisodiyot uchun ham muhim. Tadbirkor o‘z mulki, investitsiyasi va qonuniy huquqlari himoya qilinishiga ishonch hosil qilmasa, yangi loyihalarni amalga oshirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish imkoniyatlari ham cheklanadi.
Xorazmlik tadbirkorlar Senat qabulidan keyin o‘z murojaatlari bo‘yicha amaliy natijalar bo‘lishini kutmoqda. Ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh prokuratura va boshqa mas’ul idoralar rahbarlariga murojaat qilib, har bir holatni xolis o‘rganish, qonuniy choralar ko‘rish va buzilgan huquqlarini tiklashda yordam berishni so‘ragan.
Endi asosiy masala — qabulda bildirilgan va’dalarning amaliy ijrosi, har bir ish bo‘yicha tekshiruv va tergovlarning natijasi, mulkiy nizolarga qonuniy yechim topilishi hamda murojaatchilarga aniq javob berilishidir. Tadbirkorlar uchun eng muhim natija — ularning shikoyatlari yana bir bor qayd etilishi emas, balki yillar davomida yechimini kutayotgan masalalarga qonun asosida nuqta qo‘yilishi.
Effect.uz jarayonni kuzatishda davom etadi.
Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.



