Jamiyat

Toshkentda 17 yoshli kuryerni haqorat qilgan restoran xodimi 5 sutkaga qamaldi

Administrator2 soat oldin29 ko'rishlar
Toshkentda 17 yoshli kuryerni haqorat qilgan restoran xodimi 5 sutkaga qamaldi

Sud xodimning harakatlarini mayda bezorilik deb baholagan. Undan maxsus qabulxonada saqlash xarajatlari uchun 330 ming so‘m ham undiriladi.

Toshkentdagi Brasserie restorani xodimi skuterda harakatlanayotgan 17 yoshli kuryerni haqorat qilgani uchun besh sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2026-yil 18-oktyabrdagi qarorida qayd etilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, voqea 17-oktyabr kuni soat taxminan 15:30 da Islom Karimov ko‘chasida joylashgan restoran oldida sodir bo‘lgan. "ONE MORE" MCHJda haydovchi bo‘lib ishlovchi S.R. restoran oldidan skuterda o‘tib ketayotgan kuryerga bu hududda harakatlanmasligi kerakligini aytgan. O‘rtadagi kelishmovchilik ortidan u kuryerni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Unda restoran xodimi kuryerning skuterda mijozlar o‘tirgan hududdan o‘tishiga e’tiroz bildirib, uni haqorat qilgani aks etgan.

Sud majlisida S.R. aybiga qisman iqror bo‘lib, kuryerning harakatiga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgani, ammo jahl ustida so‘kinganini aytgan va qilmishidan pushaymonligini bildirgan.

Sud uning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni mayda bezorilik deb baholab, besh sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va haqorat qilish bilan bog‘liq ayblovlar tegishli dalillar bilan tasdiqlanmagani sababli ishning ushbu qismlari tugatilgan.

Shuningdek, S.R.dan maxsus qabulxonada saqlash xarajatlari uchun 330 ming so‘m undirilishi belgilangan. Hodisadan keyin "Moviy gumbazlar" xiyobonida joylashgan Brasserie restoranining yozgi maydonchasida ham qonunbuzilishlar aniqlanib, hudud qonunchilik talablariga muvofiq holatga keltirilgan.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Toshkentda 17 yoshli kuryerni haqorat qilgan restoran xodimi 5 sutkaga qamaldi | Effect.uz