Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi "Ponsod" mahallasining sobiq hokim yordamchisi fuqarolar nomiga ajratilgan imtiyozli kreditlar bilan bog‘liq ish bo‘yicha "Xalq banki" foydasiga yana 62,88 mln so‘m to‘lashi kerak. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudining 2026-yil 15-oktyabrdagi qo‘shimcha ajrimida qayd etilgan.
Sud hujjatiga ko‘ra, sobiq amaldor Buvayda green trade va SS FORTEMUS KAPITAL kompaniyalarini norasmiy boshqargan. Fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan imtiyozli kreditlar ushbu kompaniyalar hisobiga o‘tkazilgan. Sud aniqlashicha, 2022-yil davomida u mahalladagi 28 nafar fuqaroning elektron raqamli imzosini olgan. Ulardan foydalanib arizalar, elektron shartnomalar va hisob-fakturalar rasmiylashtirgan hamda hujjatlarga yolg‘on ma’lumotlar kiritgan. Fuqarolar nomiga ajratilgan jami 623,338 mln so‘mlik imtiyozli kreditlar ikki kompaniya hisobiga o‘tkazilgan. Keyinchalik mablag‘larning maqsadli ishlatilganini ko‘rsatish uchun hujjatlar yana qalbakilashtirilgan. Sud hujjatida boshqa fuqarolarga ajratilgan 32,5 mln va 64 mln so‘mlik kreditlarni naqdlashtirish orqali o‘zlashtirish holatlari ham qayd etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi 2023-yil 20-iyunda erkakni Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi — hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha aybdor deb topgan. Unga ikki yil bir oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish belgilangan. Shuningdek, bir yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash taqiqlangan.
2023-yil avgustida viloyat prokuraturasi depozit hisobidagi 492,583 mln so‘m bankka yetkazilgan zararni qoplash uchun yo‘naltirilgan. 2024-yil sentyabrda kassatsiya instansiyasi yana olti fuqaro krediti bo‘yicha mahkumdan 148,211 mln so‘m undirishga qaror qilgan. Biroq yana uch nafar qarz oluvchining kreditlari to‘liq qoplanmagan. Ularning shikoyatidan so‘ng sud bank hujjatlarini o‘rganib, 2026-yil 14-oktyabr holatiga qoplanmagan zarar mavjudligini aniqlagan. Natijada sobiq hokim yordamchisidan "Xalq banki" foydasiga jami 62,88 mln so‘m undirish belgilandi.
Mazkur ko‘rib chiqishda uning aybdorligi masalasi qayta muhokama qilinmagan. Ajrim ustidan reviziya tartibida shikoyat qilish mumkin.
Sobiq hokim yordamchisidan yana 62,8 mln so‘m undiriladi
Administrator1 soat oldin37 ko'rishlar

Ulashish:
O'xshash yangiliklar

O'zbekiston
"Umra" bahonasida minglab dollar olganlar ushlandi
1 soat oldin21

O'zbekiston
AQSH kritik minerallar sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda. O‘zbekistonning o‘rni qanday?
3 soat oldin14

O'zbekiston
O‘zbekistonda sanoatni eng yaxshi mavjud texnologiyalarga o‘tkazishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi
22 soat oldin22

O'zbekiston
Baxtiyor Saidov Marko Rubio bilan O‘zbekiston va AQSH tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi
23 soat oldin33