⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
O'zbekiston

Shahrixondagi kadastr xatosi tufayli kelib chiqqan “yer o‘yini”: yashirin kameraga tushgan amaldorlar, qamoq tahdidi va auksiondagi yer atrofidagi fitnalar

Administrator2 soat oldin9 ko'rishlar
Shahrixondagi kadastr xatosi tufayli kelib chiqqan “yer o‘yini”: yashirin kameraga tushgan amaldorlar, qamoq tahdidi va auksiondagi yer atrofidagi fitnalar

Effect.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaat asosida Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi yer va yo‘l nizosi qonun va xolislik mezonlari asosida o‘rganildi. Surishtiruv jarayonida muammoning tub ildizi kadastr xodimlarining mas’uliyatsizligi va xarita tuzishda yo‘l qo‘ygan jiddiy xatosiga borib taqalishi aniqlandi. Auksion orqali sotilgan yer, kadastrning e’tiborsizligi va yo‘l boshidagi noqonuniy qurilish sabab yuzaga kelgan bu kelishmovchilikning yagona qonuniy yechimi — sud qarori asosida noqonuniy binoni buzib, aholi uchun ajratilgan 7 metrlik ko‘chani ochib berishdir.

Auksion, kadastr xatosi va soxta da’volar

Davlat mulki bo‘lgan va foydalanilmay yotgan ushbu yer maydoni prezident topshirig‘iga asosan inventarizatsiya qilinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ochiq auksionga chiqarilgan. Halol va shaffof savdoda boshqa qishloqdan kelgan tadbirkor 565 million so‘m evaziga yerni qonuniy sotib olgan. Kadastr vakillarining o‘zlari ham aholiga bu yerdan ilgari noqonuniy va vaqtinchalik foydalanib kelishganini, yer davlatniki ekani va sotilishi haqida ilgari ham ogohlantirish berilganini tan olmoqda.

Biroq kadastr xodimlari tomonidan xarita tuzishda jiddiy beparvolikka yo‘l qo‘yilgan — ular aholi o‘tib yurgan yo‘l qismini inobatga olishmagan. Vaziyatni to‘g‘ri tushungan va aholiga qulaylik bo‘lsin degan tadbirkor o‘z xususiy mulki hisobidan 7 metr kenglikdagi va 80 metr uzunlikdagi yangi yo‘l (ko‘cha) ajratib bergan.

Chigalning asl manbasi: mahalliychilik, noqonuniy qurilish va mulkka tajovuz

Vaziyatning aslida qanday chigallashganiga nazar tashlansa, muammoning tub ildizi bir qator kompleks omillar bilan bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Tadbirkor ajratgan yangi yo‘lning boshida bir fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda 1 xonali shlakoblok bino qurib olingani va aholi yillar davomida ushbu noqonuniy qurilmaga indamay, davlat yeri orqali aylanib o‘tishga odatlangani tufayli bugungi kunda o‘sha noqonuniy maydondan ayrilishni xohlashmayapti. Buning ustiga, tadbirkorning boshqa qishloqdan kelgani mahalliy aholidagi "o‘zimizdan bo‘lmaganni sig‘dirmaymiz" degan mahalliychilik kayfiyatini uyg‘otib, atigi 4-5 ta xonadonning tizimli ravishda nizo keltirib chiqarishiga zamin yaratgan.

Vaziyat shu bilan cheklanmay, tadbirkorning mulkiga tajovuz qilish, devor va rovotlarini buzib, qulflarini vayron qilish orqali moddiy zarar yetkazish bilan davom etgan. Janjal sodir bo‘lgan kuni esa tadbirkorga nisbatan og‘ir va haqoratli so‘zlar ishlatilib, u qasddan provokatsiya qilingan va o‘z mulkini himoya qilishga majbur etilgan. Bu shunchaki mushtlashuv emas, balki tadbirkorni aybdor qilish va uning mulkini tortib olish uchun puxta uyushtirilgan fitnadir.

Davlat rahbari yaqindagina tadbirkorni ezish emas, aksincha uni qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidlagan bir vaqtda, Shahrixonda bunday holatning yuz berishi qonunchilik va davlat siyosatiga bepisandlikdir.

Mahalliy mas’ullar tomonidan tadbirkorga o‘tkazilayotgan bosimlar va soxta da’volar

Jurnalistlar voqea joyiga yetib borishidan bir necha kun oldin mahalliy mutasaddilar tomonidan tadbirkorga nisbatan ochiqchasiga ruhiy va madaniy bosimlar o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu holatlarning barchasi aniq video va audio tasvirlarda o‘z aksini topgan.

Xususan, tuman mahallalar uyushmasi raisi aholini jamlab, viloyat hokimining oldiga olib borish, "100-200 ta odamni olib borsam, auksionda sotib olgan hujjating bir tiyinga qimmat bo‘lib, qog‘ozligicha qolib ketadi", deya tadbirkorga tahdid qilgan. Bundan tashqari, u tadbirkorni masjidga to‘plangan qavm oldida sharmanda va izza qilishga uringan.

Tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari esa sodir bo‘lgan janjal sababli tadbirkorning aybdorlik holatidan foydalanib, "Olib borib vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga tiq, muammoyingni shunaqa kattalashtirib beramanki, o‘zing tushunmay qolasan", deya ochiqchasiga bosim o‘tkazgan.

Shuningdek, arxitektura va kadastr bo‘limi mutasaddilari jurnalistlar oldida va tuman hokimi huzurida boshqacha pozitsiyada turib, mansabdorlar oldida esa tadbirkorga qarata "Sizdan yerni har qanday yo‘l bilan tortib olamiz, davlat bilan o‘ynashmang", deya tahdid qilishgan. Hatto tadbirkorning boshqa qonuniy faoliyat turlari va yer maydonlarini ham kovlab, "bir dona kiri bo‘lsa ham topib, javobgarlikka tortamiz" deb mas’uliyatsizlarcha munosabatda bo‘lishgan. Kadastr va arxitektura vakillari tomonidan aholi oldida tadbirkorni "insofsiz"likda ayblab, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishga urinishlar sodir etilgan.

Idora vakillari jamoatchilik oldida boshqacha, tadbirkor bilan holi qolganda esa tamoman boshqacha, qonunga zid xatti-harakatlar qilgani yashirin kamera tasvirlarida muhrlanib qolgan.

Jurnalistlar va OAV xodimlariga nisbatan uyushtirilayotgan tuhmatlar

Ahvolni o‘nglashi va qonun ustuvorligini ta’minlashi kerak bo‘lgan tuman mahallalar uyushmasi raisi, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, kadastr va arxitektura bo‘limi mas’ullari vaziyatni xolis baholash o‘rniga tadbirkorga jinoiy javobgarlik va yerni tortib olish bilan tahdid qilishgan. Bu ham yetmagandek, tuman mahallalar uyushmasi raisi atigi 4-5 ta xonadonning manfaati xavf ostida turganini yashirib, kamera qarshisida "150 kishini yig‘dim, 150 ta odamning manfaati toptalmoqda" deb yolg‘on va soxta bayonotlar bergan.

Shuningdek, mas’ullar xolis surishtiruv o‘tkazayotgan jurnalistlarga nisbatan aholida nafrat uyg‘otish uchun "Jurnalistlar sotilgan, tadbirkordan pul olib yon bosyapti" degan tuhmat va ig‘volarni tarqatishmoqda. Vaholanki, OAV xodimlari hech kimga yon bosmasdan, faqat QONUN TALABLARI, auksion hujjatlari va sud qarorlari asosida xolis faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunlariga ko‘ra, jurnalistning kasbiy faoliyatiga aralashish, uni obro‘sizlantirish va unga nisbatan tuhmat tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jurnalistlarga nisbatan aholini gijgijlash — so‘z erkinligiga qilingan tajovuzdir.

Aslida, tumandagi mas’ullarning bunday yondashuvi va vaziyatni sun’iy ravishda murakkablashtirishi mahalliy boshqaruvdagi xolislik va mas’uliyat darajasini so‘roq ostida qoldiradi. Jurnalistlarni obro‘sizlantirish va tadbirkorga bosim o‘tkazish bilan muammo yechilib qolmaydi. Vaholanki, Shahrixon tumani hokimi ham ushbu masalada aniq munosabat bildirib, yangi ko‘cha uchun ajratilgan joydagi noqonuniy qurilma buzilgach, yo‘l to‘liq ochilishi va shu bilan aholining qatnov muammosi hamda yuzaga kelgan nizolar yakun topishini ta’kidlagan edi. Masalaning yechimi shu qadar aniq va qonuniy ekan, tumandagi ayrim mas’ullarning sud qarorini ijro etish va ko‘chani ochish o‘rniga jamoatchilikni chalg‘itishi va ziddiyatni chuqurlashtirishi mantiqsiz tuyuladi.

Mas’ul idoralar va huquq-tartibot organlari sodir bo‘layotgan bu holatlarga, jumladan, tadbirkor mulkiga yetkazilgan zararga, OAV vakillariga o‘tkazilayotgan bosimlarga xolis baho berishi va sud qaroriga muvofiq noqonuniy qurilmani buzib, yo‘lni ochishni ta’minlashi lozim.

Effect.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Shahrixondagi kadastr xatosi tufayli kelib chiqqan “yer o‘yini”: yashirin kameraga tushgan amaldorlar, qamoq tahdidi va auksiondagi yer atrofidagi fitnalar | Effect.uz