⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Siyosat

Senatda IIV hisoboti eshitildi: 2025-yilda 36 mingdan ortiq jinoyat fosh etilgan

Administrator11-mart, 2026, 16:1829 ko'rishlar
Senatda IIV hisoboti eshitildi: 2025-yilda 36 mingdan ortiq jinoyat fosh etilgan

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligining 2025-yilda mamlakatda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublikada oldini olish mumkin bo‘lgan, biroq sodir etilgan jinoyatlarning 89,3 foizi yoki 36 421 tasi fosh etilgan.

Tezkor-qidiruv va tergov harakatlari davomida 9 921 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, shuningdek 600 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilgan. Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 9 008 ta mahallaning 4 034 tasida (44,8 foiz) umuman jinoyat sodir etilmagan.

Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra, mahallalarning 44,8 foizi “yashil”, 47,9 foizi “sariq”, 7,4 foizi esa “qizil” toifaga kiritilgan.

Profilaktik chora-tadbirlar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 4,6 foizga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar 15,1 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foizga, guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 11 foizga hamda mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 5,6 foizga kamaygani ta’kidlandi.

“102” xizmati orqali kelib tushgan 2,5 milliondan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, qariyb 1,4 million huquqbuzarlikning oldi olingan.

Shu bilan birga, ayrim muammolar saqlanib qolayotgani ham qayd etildi. Xususan, 2025-yilda respublika bo‘yicha 155 002 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu har 100 ming aholiga nisbatan 412,9 tani tashkil etgan.

Mazkur ko‘rsatkich Toshkent shahrida 942,6, Toshkent viloyatida 544, Sirdaryo viloyatida 440,3 va Navoiy viloyatida 449,6 tani tashkil etgan. Jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgani qayd etildi.

Narkojinoyatlar bo‘yicha 15 412 ta jinoyat aniqlanib, 3 tonna 775 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Shuningdek, 15 ta narkolaboratoriya fosh etilgan.

Raqamli iqtisodiyot sohasida nazorat mexanizmlari yetarli emasligi sababli 53 ta noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlanib, davlatga 20,6 milliard so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, 2025-yilda yoshlar tomonidan 13 639 ta jinoyat sodir etilgani qayd etilib, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida qo‘mita a’zolari tomonidan sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish hamda mahallalarda manzilli ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsmanning hisoboti ham eshitildi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

Senatda IIV hisoboti eshitildi: 2025-yilda 36 mingdan ortiq jinoyat fosh etilgan | Effect.uz