⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Siyosat

O‘zbekistonda qurol nazorati kuchaytiriladi

Administrator12-mart, 2026, 17:0280 ko'rishlar
O‘zbekistonda qurol nazorati kuchaytiriladi

Oʻzbekistonda oʻqotar qurollar muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish va tizim faoliyatini takomillashtirish maqsadida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Agentlik boshchiligida tuzilgan idoralararo ishchi guruh qurol muomalasi, ularning hisobini yuritish hamda nazorat tizimlarini oʻrganishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirdi. Jarayon davomida bir qator vazirlik va idoralar hamda tegishli obyektlar faoliyatini tahlil qilish rejalashtirilgan.

Dastlabki bosqichda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi ayrim yoʻnalishlar faoliyati oʻrganildi. Tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida joriy yil boshidan buyon 487 ta holat aniqlangan. Shundan 227 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan, 260 tasi esa fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan.

Oʻtkazilgan tadbirlar davomida quyidagilar aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan:

  • 255 dona turli xil oʻqotar qurol,

  • 2841 dona patron,

  • 57 dona qurolning asosiy qismlari,

  • 485,7 gramm portlovchi modda.

Shuningdek, Huquqiy statistika bosh markazi faoliyati doirasida oʻqotar qurollarga oid hisobotlarni shakllantirish va yuritish tartibi hamda mavjud axborot bazalarining imkoniyatlari tahlil qilindi. Tahlillarga koʻra, qurol muomalasiga oid maʼlumotlarni yagona raqamli tizim orqali yuritish va turli idoralar axborot bazalarini oʻzaro integratsiya qilish nazorat samaradorligini oshirishi mumkin.

Bundan tashqari, Ekspert-kriminalistika bosh markazida oʻqotar qurollarni balistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi, davlat oʻq-gilzotekasi hamda avtomatlashtirilgan balistik identifikatsiya tizimining imkoniyatlari ham oʻrganildi. Mutaxassislar balistik maʼlumotlar bazasini muntazam boyitib borish jinoyatlarni tezkor fosh etishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Jamoat xavfsizligi departamentida esa qurol muomalasini litsenziyalash va ruxsatnoma berish amaliyoti, fuqaroviy hamda xizmat qurollari ustidan nazorat tizimi tahlil qilindi. Mutaxassislar fikricha, ushbu jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish va elektron xizmatlarni kengaytirish tizimning shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ishchi guruh poytaxtdagi qurol va oʻq-dorilar savdosiga ixtisoslashgan doʻkonlar faoliyatini ham oʻrgandi. Savdo jarayonlari, mahsulotlarni saqlash sharoitlari hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi holati tahlil qilindi.

Oʻrganishlar yakunida qurol muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

O‘zbekistonda qurol nazorati kuchaytiriladi | Effect.uz