10-mart kuni oʻtkazilgan birja savdolarida AI-92 markali benzinning narxi 7,4 foizga oshdi. Bu haqda Respublika tovar-xom ashyo birjasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, benzinning bir tonnasi narxi 878,9 ming soʻmga oshib, 12 million 723 ming soʻmga yetgan. Bu esa hisob-kitoblarga koʻra bir litr yoqilgʻiga oʻrtacha 9,5 ming soʻm atrofida toʻgʻri keladi.

Yil boshida AI-92 benzini narxi bundan ham yuqori boʻlib, 12 million 752 ming soʻm (tonnasi) darajasida qayd etilgan edi. 6-mart kungi savdolarda esa narx 11 million 844 ming soʻmgacha pasaygandi.
Mutaxassislar yoqilgʻi narxidagi oʻzgarishlarni global energetika bozoridagi vaziyat bilan ham bogʻlamoqda. AQSH va Isroilning Eron bilan urushi fonida Hormuz boʻgʻozi yopilgani sababli 9-mart kuni Brent markali neft narxi 20 foizga oshib, bir barrel uchun 111,04 dollarga yetdi. Bunday keskin oʻsish 2022-yildan buyon ilk bor kuzatilmoqda.
Bu jarayon global iqtisodiyot ishtirokchisi boʻlgan Oʻzbekiston bozoriga ham taʼsir koʻrsatishi kutilayotgandi. Mamlakatda neft qazib olinib, benzin ishlab chiqarilishiga qaramay, yoqilgʻining bir qismi import qilinadi.
Masalan, 2025-yilda Oʻzbekiston xorijdan 2 milliard dollarlik neft va neft mahsulotlari import qilgan, shundan 1,55 milliard dollari benzinga toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkich neft importida 2,2 foiz, benzin importida esa 5,8 foiz oʻsishni koʻrsatgan.
Joriy yilning yanvar oyida mamlakatga 205,4 million dollarlik neft va neft mahsulotlari olib kelingan. Shundan 170 million dollari avtomobillar uchun benzinga toʻgʻri kelgan. Natijada neft importi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 43,2 foizga, benzin importi esa 44,8 foizga oshgan.
Shu bilan birga, qish mavsumida ayrim hududlarda gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolar sabab ayrim avtomobil gaz toʻldirish shoxobchalari faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani kuzatilgan. Energetika vazirligi bunga sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasayishini sabab sifatida koʻrsatib kelmoqda.




