Muloqotlar davomida asosiy e’tibor investitsiya loyihalarining amaldagi ijrosi, investorlarni qiynayotgan masalalarga tezkor yechim topish va qurilish-montaj ishlarini jadallashtirishga qaratildi. Muzokaralar yakunida viloyatning turli hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator yirik loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.






Xususan, Uchquduq tumanida 240 million dollarlik volfram majmuasi barpo etiladi. «k-Tungsten» MCHJ xorijiy korxonasi direktori Kerim Sheker bilan muloqotda volfram qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxona qurilishi ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida yiliga 1 million tonna rudani qayta ishlash va 200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 3 200 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, ayni paytda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Karmana tumanida esa tog‘-kon sanoati uchun maxsus mahsulotlar — portlovchi moddalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. «75-maxsus boshqarmasi» MCHJning xorijiy hamkori Andrey Prokofev bilan muzokaralarda ta’kidlanganidek, hozirda ajratilgan yer maydonida tekislash ishlari olib borilmoqda. Qurilish yakunlangach, Yevropa davlatlaridan yuqori texnologiyali va aniq asbob-uskunalar olib kelishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Konimex tumanida yiliga 20 ming tonna emulsiyali portlovchi modda va 10 million dona elektron detonator ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Xitoyning mashhur «China Poly Group» kompaniyasi vakili Li Diyang bilan «Industrial Mining Technology» korxonasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladigan ushbu loyiha uchun investor tomonidan yer maydoni tanlangan va yaqin kunlarda qurilishga start beriladi.
Qiziltepa tumanida esa "yashil sanoat" yo‘nalishida texnik kanopni chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. «Hempfarm JV» qo‘shma korxonasi xorijiy hamkori Paolo De Anjelis va bosh direktori Mirg‘ulom Usmanov bilan muloqotda kanopdan to‘qimachilik tolasi, kotonin, DSP plitalari va presslangan poddonlar ishlab chiqarish muhokama qilindi. Kanop tolasini paxta bilan birga qayta ishlab, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
Bundan tashqari, «Yangi Navoiy» shaharchasining ikkinchi bosqichi konsepsiyasi Pokistonning «Habib Rafeeq Engineering (Private) Limited» kompaniyasi rahbariyati bilan muhokama qilindi. Loyiha doirasida zamonaviy turar joylar, biznes markazlari, 150 xonali mehmonxona, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda markaziy bog‘ barpo etiladi.
Alohida e’tiborli jihati, shaharcha hududida 5 ming talabaga mo‘ljallangan Texnologiya universiteti kampusi, IoT qurilmalari va elektromobil batareyalari ishlab chiqarish quvvatlari, sun’iy intellekt va robototexnika tadqiqot markazlari, IT-park hamda data-sentr barpo etilishi nazarda tutilgan. Bu orqali 11 mingtagacha yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi. Muzokaralar yakunida moliyalashtirish va hujjatlarni muvofiqlashtirish uchun xorijiy hamkorlar va mahalliy mas’ullardan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzildi.
Ushbu yirik va istiqbolli tashabbuslarning amalga oshirilishi Navoiy viloyatida mutlaqo yangi sanoat yo‘nalishlarini shakllantirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksport salohiyatini keskin oshirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.













