Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) qurolli mojaro boshlanganidan beri Livan hududida 1,1 mingdan ortiq obyektga zarba berilganini maʼlum qildi.
Armiya bayonotiga koʻra, ushbu hujumlarning 190 ga yaqini “Radvan” kuchlari (shia harakati “Hizbulloh”ning maxsus boʻlinmasi)ga tegishli nishonlarga, 200 dan ortigʻi esa raketa va ularni uchirish qurilmalariga qaratilgan.
Matbuot xizmati maʼlum qilishicha, mart oyi boshidan beri Isroil harbiylari 380 dan ortiq “Hizbulloh” aʼzosini yoʻq qilgan.
2-martga oʻtar kechasi “Hizbulloh” Eronning oliy rahbari Ali Homanaiy oʻldirilganidan soʻng Isroilga qarshi faol harbiy harakatlarni qayta boshlagan.
Bunga javoban Isroil armiyasi Bayrut janubiy chekkasi hamda Livanning janubi va sharqidagi oʻnlab shahar va qishloqlarga kuchli zarbalar bergan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, hujumlar oqibatida 570 kishi halok boʻlgan, 1444 kishi jarohat olgan, 800 mingga yaqin aholi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan.




