Fuqarolar murojaatlari nazoratda
Bugungi kunda davlat organlarining ochiqligi, rahbarlarning xalq ichiga kirib borishi islohotlarning bosh mezoniga aylandi. 1978 yilda tashkil topgan ushbu tumanning 15-hokimi Sardor Ergashev bilan ochiq muloqot davomida hududdagi og‘riqli nuqtalar, iqtisodiy o‘sish drayverlari va aholini qiynayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi.


Ishchi kun fuqarolar qabulidan boshlandi. Qabul davomida aholining uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy himoya va infratuzilmaga oid murojaatlari tinglandi.
Har bir murojaat yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi va ularni ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Ayrim fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda huquqiy masalalarni o‘rganish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ijtimoiy himoya: ta’mirlangan xonadonlar ko‘zdan kechirildi
Tashrif davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ta’mirlanayotgan va ta’mirlangan uylar ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur ishlar prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar hamda Inson ijtimoiy xizmatlar markazi hamkorligida amalga oshirilmoqda.


Ta’mirlangan xonadon sohibasi amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorlik bildirib, uyning tashqi va ichki qismi yangilangani, isitish tizimi almashtirilgani hamda yashash sharoiti ancha yaxshilanganini qayd etdi.

Piyodalar xavfsizligi uchun yangi trotuar quriladi
Ayrota mahallasidagi maktab hududida o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Mahalla aholisi va ota-onalar murojaati asosida maktabga olib boruvchi piyodalar yo‘lagini qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Hokim mutasaddilarga loyiha-smeta hujjatlarini qisqa muddatda tayyorlash va qurilish ishlarini 1 avgustga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, hududda yo‘l belgilari o‘rnatish va ekologik masalalarni ham tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal qilish belgilandi.
Yangi maktab 1 sentyabrga tayyor bo‘ladi
Tuman markazidagi 1-sonli maktab uchun qurilayotgan 600 o‘rinli yangi o‘quv binosi ham ko‘zdan kechirildi. Hozirgi kunda mazkur maktabda qariyb 2700 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi bino foydalanishga topshirilgach, maktabdagi yuklama sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.

Loyihada zamonaviy sinfxonalar, kuzatuv kameralari, inklyuziv ta’lim uchun barcha sharoitlar, liftlar va maxsus sanitariya xonalari nazarda tutilgan.
Yangi investitsiya loyihalari ish o‘rinlari yaratadi
Hokimning ma’lum qilishicha, tumanda 350 gektar yer maydonining toifasi o‘zgartirilib, shundan 117 gektarida industrial park tashkil etiladi.
Mazkur loyiha doirasida:
● 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish;
● 250 ta yangi tadbirkorlik subyektini tashkil etish;
● import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2029 yilga qadar 40 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejasi ham amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Sohilbo‘yi loyihasi aholi uchun yangi maskanga aylanmoqda
Bog‘izilol mahallasida amalga oshirilayotgan sohilbo‘yi obodonlashtirish loyihasi ham jurnalistlarga tanishtirildi.

Loyiha doirasida kanal bo‘ylab piyodalar yo‘laklari, xavfsizlik panjalari va dam olish hududlari barpo etilgan bo‘lib, kelgusida xizmat ko‘rsatish obyektlari ham qurilishi rejalashtirilgan. Hokimning ta’kidlashicha, mazkur hudud aholining mazmunli dam olishi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

«Kamchilikni tan olishga ham tayyorman»
Tashrif yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Hokim jurnalistlar faoliyati davlat organlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, tanqid va e’tirozlar ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishini bildirdi.
«Bizga sizlarning tanqidlaringiz dars. Kamchilikni tan olishga ham tayyorman. Sizlar tomonidan bildirilgan e’tirozlarni bartaraf qilishga ham tayyorman. Bundan qochish yo‘q», — dedi Toshkent tumani hokimi.
Uning qayd etishicha, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, ochiqlik va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish tuman hokimligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Toshkent tumanida olib borilayotgan bu kabi o‘zgarishlar xalq farovonligiga xizmat qilishi barobarida, hududdagi ko‘plab yechimini kutayotgan masalalarga ham ochiqlik va tizimli yondashuv orqali barham berilishiga umid uyg‘otadi.
Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz




