Isroilning Yehud shahrida sodir boʻlgan raketa hujumi oqibatida halok boʻlgan shaxs haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi rasmiy maʼlumot berdi.
Soʻnggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 9-mart kuni Isroilning Yehud shahrida qurilish maydonida sodir boʻlgan raketa hujumi oqibatida halok boʻlgan shaxs haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi quyidagilarni maʼlum qildi: halok boʻlgan 62 yoshli Rustam Gʻulomov Oʻzbekistonda tugʻilib voyaga yetgan, biroq 2017-yilda Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqqan. U soʻnggi 14-yil davomida Isroilda yashab kelgan va ushbu davlat fuqaroligini olgan.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Elchixona maʼlumotiga koʻra, 11-mart holatiga Oʻzbekiston fuqarolaridan jarohat olganlar haqida diplomatik vakolatxonaga hech qanday murojaat kelib tushmagan.
Shu bilan birga, Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotgani sababli elchixona ushbu mamlakatda vaqtincha ishlayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan vatandoshlardan ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda boʻlish, shuningdek xavfsizlik talab va qoidalariga qatʼiy rioya qilishni soʻrab murojaat qildi.




