Avtokonsern maʼlum qilishicha, joriy moliyaviy yil yakunida sof zarar 420 mlrddan 690 mlrd iyengacha boʻlishi kutilmoqda.
Bu esa avvalgi prognozdan keskin farq qiladi — ilgariroq kompaniya 300 mlrd iyen foyda olishni kutayotgan edi. Agar bu tasdiqlansa, Honda uchun bu 1957-yilda birjaga chiqqanidan beri ilk zarar boʻladi. Moliyaviy natijalarning yomonlashishi sabab kompaniya rahbariyati ham maoshni qisqartirishga rozi boʻldi.
Xususan, bosh direktor va vitse-prezident 2026 moliyaviy yilning aprelidan boshlab uch oy davomida maoshlarini 30 foizga qisqartirishga rozilik bergan. Shuningdek, joriy yil uchun bonuslar toʻlanmaydi.
Honda Shimoliy Amerika bozori uchun rejalashtirilgan uchta elektromobil modelini ishlab chiqishni toʻxtatishini maʼlum qildi. Kompaniya bu qarorni elektromobillarga talab pasayishi bilan izohladi.
Honda prezidenti va bosh direktori Tosixiro Mibe onlayn matbuot anjumanida shunday dedi:
“Bugungi sharoitda elektromobillar boʻyicha belgilangan maqsadlarga erishish qiyin va amalda deyarli imkonsiz”.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi sharoitda elektromobillar ishlab chiqarish va sotish rejalari kelajakda yanada katta zararlarga olib kelishi mumkin.
2021-yilda Honda 2040-yilgacha benzinli avtomobillardan toʻliq voz kechib, barcha modellarni elektromobil yoki vodorod yoqilgʻisida ishlovchi avtomobillarga oʻtkazish niyatini bildirgan edi. Ammo soʻnggi yillarda elektromobillar bozoridagi oʻsish surʼati sekinlashdi.
Shu sababli kompaniya 2030-yilgacha elektromobillar boʻyicha investitsiyalarni 10 trillion iyendan 7 trillion iyengacha qisqartirishini maʼlum qilgan.
Bu qarorga AQSHdagi yuqori bojlar va dunyo boʻylab elektromobillarga boʻlgan talabning pasayishi sabab qilib koʻrsatilgan.
Kompaniya shuningdek, 2030-yilgacha elektromobillar ulushini umumiy sotuvlarda 30 foizdan 20 foizgacha tushirdi, ammo 2040-yilgacha toʻliq elektr va vodorod avtomobillariga oʻtish maqsadini saqlab qolgan.
Avtokonsern maʼlum qilishicha, yangi strategiya doirasida 2027 moliyaviy yildan boshlab Shimoliy Amerika bozori uchun yangi modellar va butun dunyo boʻylab yangi avlod gibrid avtomobillari taqdim etiladi.




