Buxoro shahrida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish uchun narkolaboratoriya tashkil qilganlikda gumon qilinayotgan ikki fuqaro ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki fuqaro aniqlangan. Ular internet narkodo‘konida “omborchi” va “kimyogar” sifatida faoliyat yuritib, Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda.
Xolislar ishtirokidagi ko‘zdan kechirish davomida xonadondan 6 kg 650 gramm “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qo‘lqoplar, zip-paketlar, elektron tarozi va ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida Kogon tumanidagi xufiyona joylarga kichik bo‘laklarda yashirib qo‘yilgani aytilayotgan yana 4 kg 200 gramm “spays” moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi hamda 276¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.




