AQSH va Isroil tomonidan Eron hududiga berilgan zarbalar natijasida 400 dan ortiq ayol va 18 yoshga toʻlmagan shaxslar halok boʻlgan. Bu haqda Eron Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, halok boʻlganlar orasida 223 nafar ayol, 202 nafar 18 yoshga yetmagan shaxs, jumladan 12 nafar 5 yoshgacha boʻlgan bola bor.
Shuningdek, hujumlar oqibatida 2729 nafar ayol va 1190 nafar voyaga yetmagan shaxs jarohat olgan. Vazirlikning maʼlum qilishicha, zarbalar vaqtida 16 nafar tibbiyot xodimi halok boʻlgan, 32 ta tez yordam avtomobiliga zarar yetgan. Bundan tashqari, 152 ta tibbiyot muassasasi shikastlangan, 6 ta shifoxona evakuatsiya qilingan.
Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravani maʼlumotiga koʻra, hujumlar boshlanganidan beri mamlakatdagi umumiy qurbonlar soni 1,3 ming nafardan oshgan. Shu bilan birga, 10-mart holatiga koʻra 15 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Maʼlumki, 28-fevraldan boshlab AQSH va Isroil Eron hududidagi bir qator obyektlarga, jumladan Tehronga ham zarbalar bermoqda. Eron esa javob tariqasida Isroil hududiga va Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy obyektlariga hujumlar uyushtirmoqda.




