Dunyo iqtisodiyotida kritik minerallarning strategik ahamiyati tobora ortib bormoqda. Sun’iy intellekt, elektromobillar, aviatsiya va zamonaviy energetika sanoati ushbu resurslarga bevosita bog‘liq.
AQSH minerallar ta’minotini diversifikatsiya qilish maqsadida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Samarqandda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida o‘tgan C5+1 uchrashuvlarida ham bu masala muhim o‘rin tutdi.
Xo‘sh, O‘zbekiston bu jarayonda qanday imkoniyatlarga ega?
Mamlakatimiz volfram, molibden, litiy, grafit, germaniy kabi muhim mineral resurslarga va 100 dan ortiq loyihalar portfeliga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) xalqaro kompaniyalar bilan amaliy hamkorlikni faollashtirmoqda.
Jumladan, AQSHning DFC korporatsiyasi bilan 4,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, Metallica Commodities bilan 1,027 milliard dollarlik 5 ta, Vast Resources bilan 29,4 million dollarlik 6 ta loyihani birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.
Samarqanddagi C5+1 doirasida TMK 25 dan ortiq xorijiy kompaniya va tashkilot bilan hamkorlik masalalarini kun tartibiga kiritdi.
Muhim tashabbuslardan biri Metallica Commodities bilan bog‘liq. TMK kompaniyaga “Kelajak metallari texnoparki”da sanoat chiqindilaridan qimmatli metallar ajratib olish bo‘yicha qo‘shma loyiha tashkil etishni taklif qildi. Amerika tomoni ushbu texnologiyani butun Markaziy Osiyo miqyosida qo‘llash imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.
O‘zbekistonning asosiy maqsadi mineral resurslarni shunchaki eksport qilish emas, balki ularni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirishdir.
C5+1 doirasidagi muzokaralar esa bu yo‘nalishda yangi investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro sanoat hamkorligini rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlar ochdi.




