⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!⚠️ DIQQAT: Sayt test rejimida ishlamoqda!
Siyosat

AQSH Eron bilan urushda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda — Bloomberg

Abror Eshonxonov11-mart, 2026, 16:4328 ko'rishlar
AQSH Eron bilan urushda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda — Bloomberg

Bloomberg agentligiga koʻra, mojaro boshlanganiga qariyb ikki hafta boʻlgan bir paytda amerikalik harbiylar Eron hujumlarini qaytarish uchun qimmatbaho havo hujumidan mudofaa raketalarini faol ishlatishga majbur boʻlmoqda.

Pentagon zarbalar soni taxminan 80 foizga kamayganini bildirganiga qaramay, Tehron Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlar va energetika infratuzilmasiga har kuni zarbalar berib kelayotgani taʼkidlanadi.

Agentlikning qayd etishicha, Eron yillar davomida raketa va dronlar zaxirasini oshirib borgan hamda ularni mamlakatning turli hududlariga joylashtirgan.

Ballistik raketalar AQSH ittifoqchilari havo mudofaa tizimlarini yengib oʻta oladi, “Shahed” turidagi arzon dronlar esa ularni yoʻq qilish uchun qimmat vositalardan foydalanishga majbur qiladi.

Shuningdek, infraqizil boshqaruv tizimiga ega Eron zenit raketalari ham AQSH aviatsiyasi uchun alohida xavf tugʻdirmoqda.

Ular radiolokatsion boshqaruvdan foydalanmagani sababli, samolyotlar hujum haqida raketa uchirilmaguncha ogohlantirish signali olmaydi. Bu esa AQSHning Eron havo hududi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatishiga toʻsqinlik qilayotgani aytilmoqda.

Havoda toʻliq ustunlikka erisha olmagan amerikalik harbiylar uzoq masofali raketalardan faolroq foydalanmoqda.

Bloomberg maʼlumotiga koʻra, janglarning dastlabki 100 soati davomida bir necha yuzta “Tomahawk” raketasi ishlatilgan. Biroq bunday qurollarni ishlab chiqarish cheklangan.

Pentagonning sobiq xodimi Eleyn Makkaskerning baholashicha, bir yilda 100 tadan kam Tomahawk raketa ishlab chiqariladi, shu bois ularning zaxirasini tiklash uchun yillar talab qilinishi mumkin.

Bundan avval The New York Times ham Eronning arzon dronlardan foydalanishi AQSH va uning ittifoqchilarida qimmat raketalar zaxirasi tez kamayishiga olib kelayotganini yozgan edi.

Gazeta maʼlumotiga koʻra, bir dona “Shahed-136” droni 20–50 ming dollar atrofida turadi, Patriot majmuasi raketasining qiymati esa 3 million dollardan ortiq.

AQSH rasmiylari hisob-kitoblariga koʻra, janglarning birinchi haftasidayoq Vashingtonning xarajatlari taxminan 6 milliard dollarga yetgan.

AQSH Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) maʼlumotiga koʻra, mojaroning dastlabki besh kunida Eron tomonidan 500 dan ortiq ballistik raketa va 2 mingdan ziyod dron uchirilgan.

Ulashish:

O'xshash yangiliklar

AQSH Eron bilan urushda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda — Bloomberg | Effect.uz