Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga davlat uy-joy fondidan berilgan uylarni xususiylashtirish bilan bogʻliq murojaatlar va eʼtirozlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 2021-yil 25-oktabrga qadar ushbu toifadagi shaxslarga Vazirlar Mahkamasining 2010-yildagi 164-son qarori asosida davlat uy-joy fondidan ijara huquqi asosida turar joylar ajratilgan.
Uy-joy kodeksining 8-moddasiga koʻra, maqsadli kommunal uy-joy fondiga kiruvchi uylar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga xususiylashtirish huquqisiz, ijara asosida beriladi. Ushbu fondni boshqarish esa mahalliy hokimliklar vakolatiga kiradi.
Agentlikning taʼkidlashicha, mazkur uylar uning balansida emas va uy-joylarni xususiylashtirish boʻyicha qaror qabul qilish vakolati ham Agentlikka tegishli emas.
Shuningdek, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 124-son qarori bilan tartibga solinishi bildirildi.
Qayd etilishicha, ijara asosida uy olgan fuqarolar uy-joyni xususiylashtirish masalasida bevosita tegishli tuman yoki shahar hokimligiga, shuningdek My.gov.uz portali orqali murojaat qilishlari mumkin.




