⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

Yashil energetika va gigant sanoat: "Navoiyazot" AJning yangi zamonaviy qiyofasiga bir nazar

Administrator3 ч назад23 просмотров
Yashil energetika va gigant sanoat: "Navoiyazot" AJning yangi zamonaviy qiyofasiga bir nazar

Navoiy viloyati O‘zbekistonning yirik sanoat hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat markazida joylashgan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati esa mintaqadagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri sifatida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Effect.uz jamoasi “Effect plyus” loyihasi doirasida “Navoiyazot” AJga tashrif buyurib, korxonaning ishlab chiqarish hududlari, ekologik xavfsizlikka qaratilgan chora-tadbirlar, yangi energetika loyihalari, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda zamonaviy ishlab chiqarish majmualari faoliyati bilan tanishdi.

Korxona rahbariyati va xodimlari suhbat davomida “Navoiyazot”ning so‘nggi yillardagi rivojlanish bosqichlari, amalga oshirilgan investitsiya loyihalari va yangi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha rejalari haqida ham ma’lumot berdi.

“Yashil makon” — sanoat hududidagi yashil belbog‘

Navoiy viloyati iqlim jihatidan cho‘l hududiga yaqin bo‘lishiga qaramay, “Navoiyazot” korxonasi atrofida ko‘plab yashil hududlar tashkil etilgan. Korxona vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sanoat korxonalari atrofida yashil belbog‘larni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxona hududidagi daraxt va ko‘chatlarni parvarishlash bilan maxsus bo‘lim xodimlari — agronomlar, ishchilar va boshqa mutaxassislar shug‘ullanadi.

«Oxirgi yillarda muhtaram prezidentimiz tomonidan 'Yashil makon', 'Yashil belbog‘' loyihalarini amalga oshirishga, ayniqsa sanoat korxonalari atrofida yashil belbog‘larni tashkil etish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqanlar. Mana shu tashabbus natijasida bugungi kunda 'Navoiyazot' atrofi to‘liq yashil belbog‘ bilan qoplangan. Buni saqlab turish uchun bizda maxsus bo‘limimiz faoliyat olib borishadi — ayollarimiz, erkaklarimiz, bog‘bonlarimiz, agronomlarimiz aynan mana shu yashilliklarni bizga taqdim etishyapti», — deydi korxona rahbari Farrux Samadov.

Ekologiya: 30 dan ortiq gaz tahlil postlari ishlamoqda

Tashrif davomida korxona faoliyati bilan bog‘liq ekologik masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi havo ifloslanishi va turli zararli moddalar chiqindilari haqida turli fikrlar bildirilgan. Ayrim holatlarda bu holat “Navoiyazot” faoliyati bilan bog‘langan.

Korxona rahbariyati esa ushbu masalani o‘rganish va havo tarkibidagi o‘zgarishlarni aniq nazorat qilish maqsadida maxsus monitoring tizimlari joriy etilganini ma’lum qildi. Korxona hududiga turli analizatorlar o‘rnatilgan. Shuningdek, Navoiy shahri va Karmana tumani hududlarida 30 dan ortiq gaz tahlil qiluvchi postlar ishlamoqda.

Korxonada 200–250 metr balandlikda joylashtirilgan kameralar orqali atmosferadagi tutun va boshqa moddalarning harakati ham kuzatiladi. Bu orqali havo oqimlarining yo‘nalishi, ehtimoliy chiqindilarning qayerdan kelayotgani va qaysi hududga tarqalayotganini aniqlash imkoni yaratilgan.

«Bu bizning korxonadan chiqmayotganini isbotlab berish maqsadida juda ko‘plab analizatorlarni zavod hududiga qo‘ydik. Nafaqat bizdan chiqmayotgani, balki bu o‘zi qayerdan paydo bo‘layotganini ko‘rsatib berish maqsadida Navoiy shahri hamda Karmana tumani hududida 30 dan ortiq gazni tahlil qiladigan postlar o‘rnatdik.

200–250 metr balandlikda kameralarimiz bor. O‘sha kameralar orqali zaharli moddalar va tutunlarning shahar hamda zavod hududiga tarqalib kelishini nazorat qilamiz. Masalan, bu tomonda Qizilqum sement, Elektrximzavod va xususiy korxonalar bor. Tutun va changlar to‘g‘ridan to‘g‘ri korxonamiz ustidan o‘tib, shaharga kirib boryapti. Shunga qaramay, asosiy chang chiqaradigan katta uskunalarimizga skrubberlar (changni ushlab qoluvchi moslamalar) o‘rnatilgan», — deydi korxona mutasaddisi.

Shuningdek, korxona atrofida 12 kilometrgacha bo‘lgan hududda 28 ta sanitar-ekologik post tashkil etilgan. Ulardagi ko‘rsatkichlar doimiy kuzatib boriladi. Tizimda me’yoriy holat “yashil” ko‘rsatkich bilan ifodalanadi. Korxonada chang chiqaruvchi yirik uskunalarga maxsus chang ushlab qoluvchi qurilmalar ham o‘rnatilgan.

300 million dollarlik mega-loyiha: Karmanadagi quyosh stansiyasi

Tashrifning yana bir muhim yo‘nalishi — Karmana tumanida amalga oshirilayotgan yirik energetika loyihasi bo‘ldi. 520 gektar maydonda quyosh panellari asosida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiya qurilmoqda. Loyihaning qiymati 300 million dollarga baholangan.

Loyiha doirasida 300 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 50 foizdan ortig‘i “Navoiyazot” ehtiyojlariga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi esa Navoiy shahri aholisi ehtiyojlari uchun taqsimlanishi rejalashtirilgan. Loyihani Xitoyning “Sinoma” kompaniyasi amalga oshirmoqda. Qurilish ishlarini 2026 yil sentyabr oyida yakunlash va obyektni to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Korxona vakillarining aytishicha, yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushgach, “Navoiyazot”da ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlari sezilarli darajada kamayadi.

«Loyiha qiymati 300 million dollar. Stansiya 300 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ishlab chiqariladigan energiyaning 50 foizdan ortig‘i 'Navoiyazot'ga yetkazib beriladi. Bu esa korxonada mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarini taxminan 50 foizga kamaytirish imkonini beradi», — deydi loyiha mutaxassisi.

So‘nggi 10 yilda 2 milliard dollardan ortiq investitsiya

Ta’kidlanishicha, 2016 yildan buyon korxonani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu davrda korxonaga 2 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritilib, ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilingan. Jumladan, Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 1 milliard dollarlik yirik loyiha amalga oshirilgan. Korxona mutasaddilari ushbu majmua nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi zamonaviy ishlab chiqarish obyektlaridan biri ekanini qayd etdi.

Shuningdek, Shveysariyaning “Casale” kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi avlod azot kislotasi ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Organik mahsulotlar va qurilish sanoati uchun zarur xomashyo ishlab chiqarish maqsadida polivinilxlorid (PVX), metanol va kaustik soda ishlab chiqarish majmuasi ham ishga tushirilgan. Ushbu loyihaning qiymati qariyb 500 million dollarni tashkil etadi.

Korxonada formalin, karbamid-formaldegid smolalari, polimerlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar ham tashkil etilgan.

«2016 yildan buyon 'Navoiyazot' rivojiga katta e’tibor qaratildi. Shu davrda 2 milliard dollardan ziyod investitsiya dasturi amalga oshirildi, ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq modernizatsiya qilindi», — deydi korxona rahbari.

Mutaxassislar — korxonaning asosiy tayanchi

Korxonada yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda malakali kadrlar tayyorlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Ayrim mutaxassislar xorijiy davlatlarga — Yevropa mamlakatlari va qo‘shni davlatlarga malaka oshirish uchun yuborilmoqda. Har bir yirik investitsiya loyihasi doirasida kadrlar tayyorlash dasturi ham ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

Bunga yorqin misol tariqasida korxonada 17 yildan buyon faoliyat yuritayotgan muhandis ayol Gullola Inoyatovaning tajribasini keltirish mumkin. U hech qanday oliy dargohda o‘qimagan bo‘lsa-da, oddiy Navoiy ayoli sifatida yillar davomida korxonada mehnat qilib, o‘z ish tajribasi ortidan yuqori malakali mutaxassis darajasiga ko‘tarilgan.

Bugungi kunda Gullola Inoyatovaning mehnati va fidoyiligi yuqori baholanib, korxona tomonidan yanada yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun Fransiyaga — Parij shahriga malaka oshirishga yuborilgan. U yerda o‘qib, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirib qaytgan muhandis ayol hozirda yangi va murakkab texnologik jarayonlarni muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda.

«Navoiyazot«da 2009-yildan beri ishlayman. Dastlabki maoshim 130 ming so‘m edi. Bugungi kundagi daromadim bilan taqqoslasak, maoshim qariyb 100 barobarga oshgan. Ish sharoitlari yaxshi, jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilgan. Fransiyaga borib, tajriba almashib, malakamni oshirib kelganman», — deydi Gullola Inoyatova.

Yangi loyiha qurilishi boshlanganidanoq yosh mutaxassislar ishga jalb qilinib, ular xorijda xuddi shunday korxonalarda tajriba orttirishi uchun sharoit yaratilmoqda. Korxona mutasaddilari kelgusida asosiy maqsad xorijiy texnologiyalarni nafaqat ishlatish, balki ularni mahalliylashtirish ekanini qayd etdi.

Buning uchun mahalliy uskunalar ishlab chiqarish, yangi mahsulotlar yaratish va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirishga e’tibor qaratiladi.

«Har bir loyiha amalga oshirilayotganda faqat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish emas, balki kadrlar tayyorlash dasturi ham ko‘zda tutiladi. Yosh mutaxassislarni qurilish jarayoni boshlanganidanoq ishga olib, xorijda malakasini oshirib, o‘zimiz uchun kadr tayyorlaymiz», — deydi korxona rahbari.

Xodimlarning malakasini oshirishda xalqaro grant dasturlaridan ham foydalanilmoqda. Xususan, Xitoy va Germaniyadagi ta’lim dasturlari va grantlarda korxona mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Ammiak va karbamid: yiliga millionlab tonna mahsulot

Korxonadagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri ammiak va karbamid ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2020 yilda ishga tushirilgan majmua bir nechta ishlab chiqarish sexlaridan tashkil topgan. Ammiak ishlab chiqarish sexining loyihaviy quvvati yiliga 660 ming tonna, karbamid ishlab chiqarish sexining quvvati esa 577,5 ming tonnani tashkil etadi.

Bir sutkada qariyb 2 ming tonna ammiak va 1 750 tonna karbamid ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ishlab chiqarilgan ammiakning bir qismi karbamid ishlab chiqarishga yo‘naltirilsa, qolgan qismi boshqa mahsulotlar tayyorlashda ishlatiladi. Karbamid 50 kilogrammlik qoplarda, bir tonnadan qadoqlangan holda va sochma ko‘rinishda ham yuklanadi. Mahsulotlarning asosiy qismi O‘zbekiston fermerlariga yetkazib berilsa, eksport geografiyasi ham kengayib bormoqda. Korxona mahsulotlari Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Eron, Italiya, Gretsiya va Gruziya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

Azot kislotasi ishlab chiqarish: yiliga 500 ming tonna quvvat

Korxonada Shveysariyaning “Casale” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalangan azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi ham faoliyat yuritmoqda. 2020 yilda ishga tushirilgan majmuaning yillik loyihaviy quvvati 500 ming tonnani tashkil etadi. Korxona vakillarining aytishicha, joriy yilda ishlab chiqarish rejasi 102,5 foizga bajarilgan. Mahsulot asosan qishloq xo‘jaligida o‘g‘it ishlab chiqarishda, shuningdek, tog‘-kon sanoatida qo‘llanadi. Majmua tarkibida asosiy ishlab chiqarishdan tashqari, suyuqliklarni saqlash, sovitish va boshqa yordamchi bo‘limlar ham mavjud.

PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish

2019 yil 28 dekabrda ishga tushirilgan yana bir yirik majmuada polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqariladi.

Loyihaviy quvvat yiliga:

* 100 ming tonna PVX;

* 75 ming tonna kaustik soda;

* 180 ming tonna metanol ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Kaustik soda xlor ishqori ishlab chiqarish jarayonida hamda tog‘-kon sanoatida qo‘llanadi. PVX esa qurilish, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda keng foydalaniladi. Metanol polimerlar va organik mahsulotlar ishlab chiqarishda xomashyo sifatida ishlatiladi. Mazkur majmuada 1 200 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi.

Ishchilar uchun mehnat sharoitlari va imtiyozlar

Korxonada ish jarayonlari mehnat sharoitlariga qarab turli smenalar asosida tashkil etilgan. Ayrim ish joylarida 8 soatlik, boshqalarida 12 soatlik yoki uzluksiz 24 soatlik ish rejimi qo‘llanadi. Barcha ishlab chiqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan bo‘lib, smena almashinuvida xodimlar ish jarayonini bir-biriga belgilangan tartibda topshiradi.

Zararli yoki xavfli ishlab chiqarish jarayonlarida mehnat qiladigan xodimlar uchun esa mehnat sharoitlari maxsus attestatsiyadan o‘tkaziladi. Uning natijasiga ko‘ra ish joyining xavflilik darajasi belgilanib, xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar va qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.

Korxona mutasaddilariga ko‘ra, ayrim toifadagi xodimlar uchun pensiyaga chiqishda ham imtiyozlar mavjud. Xususan, mehnat sharoiti va xavflilik darajasiga qarab pensiyaga belgilangan muddatdan oldin chiqish imkoniyati berilishi mumkin.

«Har bir ish joyi mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiya natijasiga ko‘ra xavflilik darajasi belgilanadi. Shu asosda xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar bilan bir qatorda pensiyaga chiqishda ham qonunchilikda belgilangan imtiyozlar beriladi”, — deydi korxona rahbari Farrux Samadov.

Yangi loyihalar — yangi ish o‘rinlari

“Navoiyazot”da amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislar salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.

Korxona rahbariyati kelgusida yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini yanada avtomatlashtirish, mahalliylashtirish va energiya samaradorligini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda.

Shu ma’noda, Karmana tumanida barpo etilayotgan 300 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi ham korxonaning energetik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan muhim loyihalardan biri bo‘lmoqda.

Tashrif davomida “Navoiyazot”ning nafaqat yirik sanoat korxonasi, balki zamonaviy texnologiyalar, ekologik monitoring, kadrlar tayyorlash va yangi energetika loyihalarini birlashtirgan ishlab chiqarish majmuasi sifatida rivojlanayotgani namoyon bo‘ldi.

Korxona jamoasi esa kelgusida ham yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, "Navoiyazot" AJ — vaqt bilan hamnafas odimlayotgan, ekolog, muhandis va oddiy ishchilarning hamjihatligida yirik natijalarga erishayotgan O‘zbekiston sanoatining flagmanidir. Korxonadagi yangilanishlar og‘ir sanoat ham eko-tizim va inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib rivojlanishi mumkinligini isbotlamoqda.

Поделиться:

Похожие новости

Yashil energetika va gigant sanoat: "Navoiyazot" AJning yangi zamonaviy qiyofasiga bir nazar | Effect.uz