⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

Xorazmda shubhali savdo: 1 mln dollarlik “Akvapark” Prezident qaroriga zid ravishda sotilgani maʼlum boʻldi

Administrator3 ч назад139 просмотров
Xorazmda shubhali savdo: 1 mln dollarlik “Akvapark” Prezident qaroriga zid ravishda sotilgani maʼlum boʻldi

Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan akvapark obyektining noqonuniy tarzda olib qoʻyilishi va bozor qiymatidan bir necha baravar arzon narxda sotilgani yuzasidan jiddiy daʼvolar ilgari surilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-iyuldagi 515-sonli qaroriga asosan Urganch shahridagi “Avesto” bogʻi hududida joylashgan, maydoni qariyb 1 gektar boʻlgan akvapark dastlab Sapayev Bobojonga “0” qiymatda (xizmat koʻrsatish sharti asosida) berilgan.

U ushbu mulkni qonuniy tartibda rasmiylashtirib, davlat roʻyxatidan oʻtkazgan hamda shu yaqingacha soliq toʻlovlarini amalga oshirib kelgan.

Yana bir eʼtiborli hujjat: 2018-yil Urganch shahar hokimi Odilbek Sapayev ayni paytda davlat idoralarining sovuqqonligi oqibatida jabrlanayotgan tadbirkor Bobojon Sapayevga “Avesto” bogʻ majmuasi hududida joylashgan qurilishi tugallanmagan “Akvapark” bolalar oʻyingohiga egalik huquqini tan olish va yer maydonlariga doimiy foydalanish huquqini berish toʻgʻrisida qaror chiqargan, kadastr hujjatlari shakllantirilgan.

Biroq tadbirkor Sapayevning taʼkidlashicha, keyinchalik obyekt qiymati keskin oshgani ortidan ushbu mulk “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ mansabdorlariga zarur boʻlib qolgan va turli, huquqiy kuchga ega boʻlmagan hujjatlar asosida undan tortib olingan.

Shundan soʻng mazkur obyekt davlat ulushi 100 foiz boʻlgan jamiyat balansiga oʻtkazilib, amaldagi tartiblarga zid ravishda elektron auksion orqali emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokara orqali bilan sotilgan. 2022-yil 6-iyulda tuzilgan shartnomaga koʻra, qiymati taxminan 1 mln AQSH dollariga teng boʻlgan mulk 671 mln soʻmga — yaʼni qariyb 50–55 ming dollarga MIROVOY STANDART STROY” MCHJga realizatsiya qilingan.

Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 29.09.2025 qaroriga koʻra “Xorazm Hududiy elektr tarmoqlari” va “MIROVOY STANDART STROY” MCHJ oʻrtasidagi haqiqiy emas deb topilgan 36-sonli shartnoma haqiqiy emas deb topilgan. Ushbu shartnomaning vujudga kelishida esa Xorazm HETning oʻsha vaqtdagi bosh direktori Suhrob Beregin bosh-qosh boʻlgan.

Bunga asos Beregin shartnomada imzosi keltirilgan Sh.Allazarovga shartnomani imzolash uchun ishonchnoma taqdim qilgan. Sh.Allazarov esa direktor maqomida ushbu shartnomani imzolagan. Natijada bu shartnoma (yuqoridagi suratda) haqiqiy emas deb topilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Xorazm viloyati boshqarmasining 2025-yil 24-iyuldagi maʼlumotnomasida ham ushbu savdo Prezidentning 5197-sonli qarorida belgilangan talablar — yaʼni ochiq elektron auksion orqali sotish tartibiga zid ravishda amalga oshirilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, Sapayev akvaparkni olib qoʻyish jarayonida foydalanilgan hujjatlar rasmiy roʻyxatdan oʻtmaganini va yuridik kuchga ega emasligini bildirgan. Shuningdek, keyingi kadastr hujjatlari ham noqonuniy rasmiylashtirilgan boʻlishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.

Tadbirkor tomon soʻnggi toʻrt yil davomida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa mutasaddi idoralarga yuzlab murojaatlar yoʻllagan. Biroq hozirga qadar ushbu holat yuzasidan aniq huquqiy choralar koʻrilmagan.

Xususan, 2025-yil 31-oktyabrda viloyat prokurori Murodjon Ahmedov tomonidan berilgan javobda mazkur holatda jinoyat alomatlari aniqlanmagani qayd etilgan.

Effect.uzʻga yoʻllangan murojaatda qayd etilishicha, davlat mulkini bozor qiymatidan bir necha baravar arzon narxda, auksionsiz sotish holatiga qaramay, masʼul shaxslarga nisbatan chora koʻrilmayotgani shubhali savollarni uygʻotmoqda. Shu munosabat bilan Sapayev mazkur holatlarni amaldagi jinoyat ishi doirasida oʻrganish, obyektni davlat balansiga qaytarish hamda aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar koʻrishni soʻramoqda.

Bundan tashqari, Sapayev akvaparkning noqonuniy olib qoʻyilishi va keskin arzon narxda sotilgani yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat taqdim etgan.

Xususan, murojaatda alohida urgʻu sifatida 2026-yil 27-yanvardagi chiqishlarda tilga olingan holat eslatiladi. Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq rahbari Akmal Ortiqov tomonidan davlat mulki yopiq auksionda bozor qiymatining qariyb yarmiga sotilgani uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan maʼlum qilingan. Effect.uz oʻrganayotgan masala ham aynan agentlikning sobiq mansabdori bilan bogʻliq ishga qoʻshilishi mumkin.

Qayd etilishicha, Sapayev Bobojon advokati bilan birga Bosh prokuratura va boshqa tegishli organlarga bir necha bor murojaat qilgan. Jumladan, mavjud jinoyat ishi doirasida ishlayotgan tergov guruhi rahbariga ham arizalar taqdim etilgan. Biroq hozirga qadar murojaatda keltirilgan holatlar boʻyicha aniq choralar koʻrilmayotgani haqli e'tirozlarni paydo qilmoqda.

Sapayevning advokati Dostonbek Boltayev mazkur faktlarni amaldagi jinoyat ishi doirasida birlashtirish, toʻliq va xolis tergov oʻtkazish, shuningdek, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar yuzasidan huquqiy baho berishni soʻramoqda.

EFFECT.UZ voqealar rivojini yoritish bilan birga tegishli idoralardan munosabat kutadi.

Jurnalist: Akmal Eshonxonov Xorazmdan maxsus

Поделиться:

Похожие новости

Xorazmda shubhali savdo: 1 mln dollarlik “Akvapark” Prezident qaroriga zid ravishda sotilgani maʼlum boʻldi | Effect.uz