Bursa shahri Uludag‘ tog‘i etaklarida joylashgan bo‘lib, o‘zining boy tarixi, betakror tabiati va rang-barang madaniy muhiti bilan Turkiyaning eng jozibador sayyohlik manzillaridan biri sanaladi. Ayniqsa, shifobaxsh issiq buloqlari, mashhur chang‘i kurortlari va o‘ziga xos gastronomiyasi shahar jozibasini yanada oshiradi.
Bursa 17–19-iyul kunlari Turkiyaning eng raqobatbardosh tog‘ ultra marafonlaridan biri — Uludag‘ Premium Ultra Trail musobaqasining to‘qqizinchi mavsumiga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqa olis hududlarda o‘tkaziladigan ko‘plab tog‘ ultra marafonlaridan farqli o‘laroq, ishtirokchilar uchun juda qulay manzilda — Istanbuldan atigi ikki soat, Bursa markazidan esa 30 daqiqalik masofada tashkil etiladi.
Bu yilgi poyga “Uludag‘da yugurish orzusi!” shiori ostida o‘tkaziladi. Unda 25 mamlakatdan qariyb 3 ming nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Turkiya va dunyoning turli davlatlaridan, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Eron, Gruziya, Shvetsariya, Belgiya, Niderlandiya, Ruminiya va Norvegiyadan professional hamda havaskor yuguruvchilar Uludag‘ning murakkab tog‘ yo‘laklarida o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun Bursada jam bo‘ladi.
Musobaqa yo‘nalishlari Bursaning eng mashhur tabiiy va madaniy yodgorliklaridan, jumladan, YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Jumalikizik qishlog‘i, Saitabat sharsharasi, Zeyniler qishlog‘i, Muzlik ko‘llari va 2543 metr balandlikdagi Uludag‘ cho‘qqisidan o‘tadi. Poyga yo‘nalishlari texnik jihatdan murakkab tor so‘qmoqlardan tortib, noyob endemik o‘simliklarga boy alp yaylovlarigacha bo‘lgan rang-barang tabiiy manzaralarni qamrab oladi.
9-Uludag‘ Premium Ultra Trail musobaqasida turli tayyorgarlik darajasiga ega yuguruvchilar uchun mos beshta yo‘nalish taqdim etiladi:
• UPUT70K — 70 km / 3600 m balandlikka ko‘tarilish: cho‘qqini zabt etishni istaganlar uchun;
• UPM42K — 42 km / 2353 m balandlikka ko‘tarilish: tarix va tabiat uyg‘unlashgan marafon masofasi;
• UPE30K — 30 km / 1510 m balandlikka ko‘tarilish: texnik jihatdan murakkab yo‘laklardan zavqlanishni istaganlar uchun;
• UP16K — 16 km / 500 m balandlikka ko‘tarilish: tabiat qo‘ynida poyga hayajonini his qilish imkoniyati;
• UP6K — 6 km / 210 m balandlikka ko‘tarilish: barcha ishtirokchilar uchun ochiq tabiat yugurishi.
Bu yil yangilangan 70K yo‘nalishi yuguruvchilarni ilk bor Uludag‘ cho‘qqisiga olib chiqadi. 42K toifasida qatnashuvchilar esa tog‘ning kichik cho‘qqi hududida poyga tajribasini boshdan kechiradi. Shuningdek, “Bolalar yugurishi” ham tadbirning eng rang-barang lahzalaridan biri bo‘lib, poyga kunlariga bayramona ruh va jo‘shqin kayfiyat bag‘ishlaydi.
Bursa: tarix, tabiat va ta’m uyg‘unligi
Bursa tarix, tabiat va gastronomiyani uyg‘unlashtirgan maftunkor shaharlardan biridir. Ulu jome masjidi, Yashil masjid va maqbara, Koza Xon karvonsaroyi, tarixiy bozorlar, Otaturk uy-muzeyi, yaxshi saqlangan usmonli davri uylari bilan tanilgan Jumalikizik qishlog‘i hamda qadimiy Inkaya chinori shaharning diqqatga sazovor maskanlari qatoriga kiradi.
Bursa yaqinidagi Iznik shahri ham alohida e’tiborga molik. Ayasofya masjidi, an’anaviy koshin ustaxonalari va Iznik ko‘li bo‘yidagi dam olish hududlari ushbu shaharning sayyohlik ahamiyatini yanada oshiradi. 2025-yil 28-noyabr kuni Papa Lev XIVning qadimiy Nikeya — bugungi Iznikka tashrifi ham shaharning tarixiy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Uludag‘ hududi biologik xilma-xillikning muhim markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu yerda 791 turdagi o‘simlik uchraydi, ulardan 108 tasi endemik turlar sirasiga kiradi. Shuningdek, mintaqada dunyo miqyosida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan va Yevropada muhofazaga muhtoj o‘simlik turlari ham mavjud. Bu yerda uchta noyob kapalak turi yashaydi.
Bursa tarixiy hammomlari va mahalliy taomlari bilan ham mashhur. Iskender kabobi, kashtan qandi va tahinli pide shahar gastronomiyasining ramzlari sanaladi. Gemlik zaytunlari hamda Bursa ipak mahsulotlari esa hududga xos an’anaviy mahsulotlar qatorida alohida ajralib turadi.




