Joriy yilning 10-sentyabr kuni Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning, xususan Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, tegishli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida dastlab delegatsiya rahbarlari Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qabulida boʻlgan.

Uchrashuvda bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, zamonaviy tahdid va chaqiriqlarga qarshi samarali chora koʻrishda turkiy davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Qozogʻiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanayotganini qayd etib, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamjihatlik va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida tajriba va tezkor axborot almashinuvini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish hamda xavfsizlik sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi amaliy tashabbuslar bilan boyitish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvdan soʻng, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining uchinchi yigʻilishi oʻz ishini boshladi.
Yigʻilish kun tartibida jinoiy taʼqibdan yashirinib yurgan shaxslarni, shuningdek bedarak yoʻqolgan fuqarolarni qidirish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda davlatlar ichki ishlar organlari oʻrtasida maʼlumot almashinuvini tezlashtirish, qidiruv tadbirlarini muvofiqlashtirish va bunday shaxslarni aniqlash hamda topish samaradorligini oshirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga tezkor munosabat bildirish va davlatlar oʻrtasida kerakli axborot bilan tezkor almashish mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Noqonuniy bukmekerlik faoliyati va qimor oʻyinlari bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikning aniq va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Ekstremizm va terrorizm, shuningdek transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi ham yigʻilishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Ushbu tahdidlarning chegara bilmas xususiyatidan kelib chiqib, tezkor axborot almashinuvi, qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va ichki ishlar organlari oʻrtasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Odam savdosi va migrantlarni noqonuniy olib oʻtishning oldini olish hamda bunday jinoyatlarga chek qoʻyish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Tartibga solinmagan migratsiyaga qarshi kurashishda maʼlumot almashinuvini kuchaytirish, noqonuniy migratsiya va u bilan bogʻliq jinoyatlarning tarqalishiga zamin yaratayotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida muvofiqlashtirilgan choralarni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda yana bir muhim tashabbus — Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar oʻrtasida Jinoyatchilikka qarshi kurashish kengashini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Mazkur tuzilmani tashkil etish boʻyicha Bitim loyihasini tayyorlash va uni TDT Ichki ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishida imzolash uchun kiritish masalalari yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.
Muhokamalar davomida mazkur tashabbuslar turkiy davlatlar oʻrtasida xavfsizlik va huquq-tartibot sohasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash, umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda va tizimli chora koʻrish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va ularning amaliy ijrosini taʼminlashga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining uchinchi yigʻilishi Qoʻshma kommyunikesi imzolandi.

Yigʻilish natijalariga koʻra ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishga kelishib olindi.




