⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Политика

Soxta kadastr hujjatlari, 4,3 mlrdlik kredit va bahsli sud qarorlari: Xorazmdagi mojaro nega haligacha yechim topmayapti?

Administrator1 ч назад13 просмотров
Soxta kadastr hujjatlari, 4,3 mlrdlik kredit va bahsli sud qarorlari: Xorazmdagi mojaro nega haligacha yechim topmayapti?

450 ming dollarlik mulk, 4,3 milliard soʻmlik kredit, soxta deb topilgan kadastr hujjatlari va bir necha yildan buyon davom etayotgan sud jarayonlari. Xorazm viloyatidagi mazkur ish yuzasidan fuqaro Dildora Bekchanova navbatdagi murojaat bilan chiqib, qator holatlarga huquqiy baho berishni talab qilmoqda.

Aslida mojaro qanday boshlangan?

Murojaatda keltirilishicha, nizo Urganch shahri, Zarbuloq koʻchasi 55/4-manzilda joylashgan qurilishi tugallanmagan koʻp qavatli bino bilan bogʻliq mulkiy munosabatlardan boshlangan.

Notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasiga koʻra, obyektning bir qismi “ORIGINAL STANDART QURILISH” MCHJdan “EURO POWER” oilaviy korxonasiga oʻtkazilgan.

2020-yil 20-may kuni obyektning bir qismi “ORIGINAL STANDART QURILISH” MCHJ nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlsa, oradan toʻqqiz kun oʻtib — 2020-yil 29-may kuni sotib olingan qism “EURO POWER” OK nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, tegishli kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Keyinchalik “ORIGINAL STANDART QURILISH” MCHJga qarashli obyektning bir podyezddan iborat qismi notarial oldi-sotdi shartnomaga asosan Dildora Bekchanova mulkiga aylangan.

Murojaatda qayd etilishicha, mazkur obyektni unga “EURO POWER” OK rahbari R.Mahmudov sotgan va mulk uchun 450 ming AQSH dollari toʻlangan. Chunki, ushbu obyektning bir podyezdi R.Mahmudovning “ORIGINAL STANDART QURILISH” MCHJdagi ulushi boʻlgan.

Bekchanovaning taʼkidlashicha, mulkni rasmiylashtirish jarayonida hech qanday eʼtiroz boʻlmagan. Hatto uning nomiga berilgan kadastr hujjatlarida qoʻshni obyekt egasi sifatida R.Mahmudovning oʻzi imzo qoʻygan.

Nizo markazidagi kadastr hujjatlari

Dildora Bekchanovaning fikricha, bahs uning mulki boʻyicha rasmiylashtirilgan hujjatlarda emas, balki qoʻshni obyekt — “EURO POWER” OKga tegishli kadastr hujjatlarida yuzaga kelgan. Uning taʼkidlashicha, keyinchalik mazkur hujjatlar soxta ekani aniqlangan va aynan shu hujjatlar turli huquqiy jarayonlarda asos sifatida qoʻllangan.

Murojaatda qayd etilishicha, soxta deb baholangan hujjatlar natijasida Bekchanovaga tegishli obyektning qonuniy kadastr hujjatlari ham shubha ostiga olingan va mulkiy nizo kelib chiqqan.

2022-yilgi sud qarori nega bahslarga sabab boʻlmoqda?

2022-yil 26-oktyabr kuni Urganch tumanlararo maʼmuriy sudi raisi Dilmurod Ochilovning hal qiluv qarori bilan Dildora Bekchanovaning mazkur obyektga boʻlgan mulk huquqi haqiqiy emas deb topilgan.

Murojaatchi tomoni ushbu qarorga eʼtiroz bildirib, sud muhokamasi vaqtida taqdim etilgan “EURO POWER” OKga tegishli ayrim kadastr hujjatlari keyinchalik soxta deb topilganini taʼkidlamoqda.

Shuningdek, murojaatda davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasi va mulk huquqining ustuvorligi masalasiga ham toʻliq huquqiy baho berilmagani qayd etilgan. Bekchanovaning fikricha, avval davlat roʻyxatidan oʻtgan mulk huquqi ustuvor hisoblanishi lozim edi. Ammo bu holat sud muhokamasida inobatga olinmagan.

R.Mahmudovga nisbatan jinoyat ishi

Koʻplab murojaatlardan keyin Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan “EURO POWER” OK rahbari R.Mahmudovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tergov jarayonida kadastr tizimi xodimi B.Saʼdullayev hamda R.Mahmudovga nisbatan kadastr hujjatlarini soxtalashtirish bilan bogʻliq ayblovlar qoʻyilgan. Sud hukmi bilan R.Mahmudov aybdor deb topilib, 7-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Murojaatchi tomonining taʼkidlashicha, tergov materiallarida nafaqat mulkiy nizo, balki “EURO POWER” OK mulkini garovga qoʻyish orqali olingan 4,3 milliard soʻmlik kredit va soxta kadastr hujjatlaridan foydalanish holatlari ham oʻrganilgan.

4,3 milliard soʻmlik kredit boʻyicha savollar

Murojaatda “Oʻzsanoatqurilishbank”ning Xorazm mintaqaviy filiali tomonidan ajratilgan 4,3 milliard soʻmlik kredit alohida tilga olingan.

Dildora Bekchanovaning fikricha, garov sifatida qabul qilingan hujjatlarda qator ziddiyatlar mavjud boʻlgan.

Jumladan:

— davlat roʻyxatidan oʻtkazish maʼlumotlarida noaniqliklar mavjudligi;

— turli hujjatlarda obyekt maydonining har xil koʻrsatilgani;

— notarial hujjatlar bilan kadastr maʼlumotlari oʻrtasida tafovutlar borligi;

— garov shartnomasida obyektning umumiy maydoni emas, qurilish osti maydoni qayd etilgani taʼkidlanmoqda.

Murojaatchi tomonining fikricha, mazkur holatlar boʻyicha kreditni rasmiylashtirishda ishtirok etgan bank masʼullarining harakatlariga ham huquqiy baho berilishi lozim edi. Lekin prokuratura ushbu holatga eʼtibor qaratmagan, yoki vaziyatni panja ortidan baholagan.

Chunki, soxta hujjatlar bilan mulkni garovga taqdim qilib, kredit olgan shaxs R.Mahmudovning javobgarlik masalasi koʻrib chiqilgan boʻlsada, uni aynan shu hujjatlar bilan garovga qabul qilgan bank xodimlari voqea atrofida goʻyoki yoddan chiqib bir chetda qolib ketmoqda.

Bu masala koʻrib chiqilishi uchun murojaatchining himoya tomoni bir qator vakolatli idoralar xususan, Bosh prokuraturaga murojaat yoʻllagan. Ushbu murojaatga Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan 6-aprel kuni javob taqdim etilgan boʻlib, xatda murojaat mazmuniga mos kelmaydigan fikrlar prokuror oʻrinbosari M.Xojayev tomonidan qayd etilgan.

Yangi ochilgan holatlar va qayta koʻrib chiqish talabi

Kadastr hujjatlari soxta ekanligi haqidagi sud hukmlari qonuniy kuchga kirganidan keyin Dildora Bekchanova avvalgi maʼmuriy sud qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqishni soʻrab Urganch tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilgan. Biroq uning arizasi qanoatlantirilmagan. Keyinchalik Xorazm viloyat maʼmuriy sudi kassatsiya instansiyasi sudi ham birinchi instansiya qarorini oʻz kuchida qoldirgan.

Shundan soʻng Bekchanovaning advokati Doston Boltayev Davlat kadastrlar palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining nizolarni sudga qadar hal etish komissiyasiga murojaat qilib, “EURO POWER” OK nomiga rasmiylashtirilgan kadastr hujjatlarini bekor qilishni talab qilgan. Ammo komissiya mazkur hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini qonuniy deb baholagan.

Keyinchalik advokat Doston Boltayev Urganch tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilib, ushbu kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan. Biroq sudya M.Poʻlatov raisligida koʻrilgan ish boʻyicha daʼvo talablari qanoatlantirilmagan.

Murojaatchi tomonining fikricha, mazkur holatda jinoyat ishlari boʻyicha qabul qilingan sud hukmlaridagi xulosalar yetarlicha inobatga olinmagan.

Dildora Bekchanova nimani talab qilmoqda?

Navbatdagi murojaatida Dildora Bekchanova vakolatli davlat organlaridan:

— 4,3 milliard soʻmlik kredit ajratilishi jarayonini tekshirishni;

— bank masʼullari harakatlariga huquqiy baho berishni;

— tergov jarayonida huquqiy baho berilmagan holatlarni oʻrganishni;

— 2022-yilda qabul qilingan sud qarorini qabul qilish jarayonini tahlil qilishni;

— soxta deb baholangan hujjatlarni davlat reyestrlaridan chiqarishni;

— mazkur hujjatlar asosida amalga oshirilayotgan notarial va boshqa rasmiy harakatlarni toʻxtatish choralarini koʻrishni soʻragan.

Xulosa

Xorazm viloyatidagi mazkur ish mulk huquqi, kadastr hujjatlarining haqqoniyligi, bank krediti, notarial rasmiylashtirish va sud qarorlari bilan bogʻliq murakkab huquqiy masalalarni qamrab olmoqda.

Ayni paytda Dildora Bekchanova murojaatida keltirilgan holatlar yuzasidan prokuratura organlari, sud idoralari, Davlat kadastrlar palatasi yoki “Oʻzsanoatqurilishbank” tomonidan ommaviy axborot vositalarida rasmiy munosabat bildirilmagan.

Tahririyat mazkur masala yuzasidan barcha tomonlarning munosabatini eʼlon qilishga tayyor.

Поделиться:

Похожие новости

Soxta kadastr hujjatlari, 4,3 mlrdlik kredit va bahsli sud qarorlari: Xorazmdagi mojaro nega haligacha yechim topmayapti? | Effect.uz