⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Узбекистан

SHHT delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini qanday qabul qildi?

Administrator6 ч назад4 просмотров
SHHT delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini qanday qabul qildi?

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va 2017-yil 23-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan va qariyb 9-yil davomida bunyod etilgan ulkan loyiha – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Nufuzli xalqaro tashkilot delegatsiyasi ushbu noyob ilmiy-maʼrifiy majmua bilan tanishib, uni “jahondagi eng ilgʻor va taʼsirchan muzeylardan biri” sifatida baholadi.

Tashrif avvalida delegatsiya “Buyuk siymolar galereyasi” zalida boʻlib, 110 xil rangdagi mikromozaika toshlari bilan qoʻl mehnati asosida yaratilgan 14 ta ravoqda tasvirlangan buyuk allomalar va tarixiy shaxslar siymosini katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ushbu sanʼat asarlari haqida taqdim etilgan maʼlumotlar mehmonlarda kuchli maʼnaviy taassurot qoldirdi.

Muzeyning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari ekspozitsiyasida namoyish etilgan hayvon suyagidan yasalgan nay, “Avesto” kitobi parchalari hamda Buyuk Ipak yoʻli tarixi delegatsiya aʼzolarida alohida qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, kamon otish imkoniyati yaratilgan ekspozitsiya mehmonlarda oʻsha davr muhitini jonli his qilish imkonini bergani alohida taʼkidlandi.

Birinchi Renessans davri boʻlimida Samarqand qogʻozi, 1988-yilga oid Kaʼba yopinchigʻi hamda XII–XIV asrlarda Misrda Mamluklar davrida yaratilgan Kaʼba kalitlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu nodir eksponatlar islom sivilizatsiyasining yuksak madaniy va maʼnaviy darajasini yorqin namoyon etuvchi namuna sifatida baholandi.

Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida esa Amir Temur saltanati xaritalari va shaxmat tarixi delegatsiya aʼzolarining qiziqishini yanada oshirdi. Ayniqsa, ushbu davr ekspozitsiyasida Zahiriddin Muhammad Boburga bagʻishlangan qism hindistonlik vakillarda alohida ehtirom va qiziqish uygʻotdi. Ular Bobur shaxsiyati, uning merosi va Tojmahal kabi buyuk meʼmoriy yodgorliklar orqali hanuzgacha saqlanib kelayotgan tarixiy qadriyatlar haqida fikr bildirdilar.

Suresh Janghu, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktor oʻrinbosari (Hindiston):

– Bu markaz juda chiroyli va zamonaviy boʻlib, unda keng koʻlamda texnologiyalardan foydalanilgan. Bu yerda uch ming yillik tarix namoyish etilgan va shu orqali Oʻzbekiston sivilizatsiyasi hamda madaniyatining naqadar boy ekanini koʻrish mumkin. Oʻylaymanki, bu maskan kelajak avlodlar uchun muhim taʼlim manbai boʻlib xizmat qiladi, chunki bu yerda ular mamlakat tarixini va uning bugungi taraqqiyot darajasiga qanday yetib kelganini chuqurroq anglay oladilar.

Bu markaz uzoqni koʻzlagan, strategik ahamiyatga ega tashabbusdir. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalarning keng qoʻllanilgani yoshlarni jalb qilish va ularga tarixni yanada qiziqarli shaklda yetkazish imkonini beradi. Bu yondashuv bugungi kun uchun juda muhim.

Biz bu yerda barpo etilgan ushbu goʻzal markaz haqida eshitib, uni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish uchun tashrif buyurdik. Bu yerda boʻlish men uchun katta mamnuniyat boʻldi.

“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimida namoyish etilgan islohotlar haqidagi roliklar mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Delegatsiya vakillari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar mamlakatda yangi Renessans poydevorini mustahkam barpo etilayotganidan dalolatligini taʼkidladilar.

Shuningdek, ushbu boʻlimning “Tashqi siyosat” qismida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan va davlat rahbarlariga taqdim etilgan kitoblar bilan tanishishdi. Delegatsiya aʼzolari mazkur adabiyotlar bilan avvaldan tanish ekanliklarini, ularning aynan shu kabi nufuzli Markazda jamlanganini koʻrib mamnun boʻlganliklarini bildirdilar.

Navid Anjum, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasida direktor oʻrinbosari (Pokiston):

– Ochigʻini aytsam, bu markaz juda ajoyib. Bu yerga sarflangan mehnat va fidoyilik darajasi haqiqatan ham hayratlanarli. Turli tarixiy davrlar boʻylab sayr qilib, jamlangan eksponatlarning yagona hikoya sifatida taqdim etilgani juda taʼsirli taassurot qoldiradi.

Biz dunyoning turli joylarida boʻlganmiz, lekin shuni aytishim mumkinki, bu markaz koʻrganlarim ichida eng yaxshilaridan biri. Bu yerga kelishning asosiy sababi — Oʻzbekiston tarixini va ushbu hududda islomning qanday rivojlanganini chuqurroq anglashdir. Kimki mintaqa tarixi va islom taraqqiyoti bilan qiziqsa, albatta bu maskanga tashrif buyurishi kerak.

Ayniqsa islom tarixi bilan bogʻliq qism katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburga oid boʻlim ham juda qiziqarli.

Umuman olganda, bu juda taʼsirli maskan. Bu yerda boʻlganimizdan juda mamnunmiz. Aslida, bu markazni shoshilmasdan, kamida bir kun vaqt ajratib tomosha qilish kerak.

VII asrga oid Usmon musʼhafi joylashtirilgan Qurʼoni karim zali tashrifning eng taʼsirli nuqtasiga aylandi. Zal atrofida joylashgan 114 ta muqaddas Qurʼon nusxalari kitob nusxalari — Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qoʻlyozmalar bilan tanishib, ularning qadimiy oʻzbek yozuvidagi tarjimalari haqida batafsil maʼlumot oldilar.

Zal markazida joylashgan Usmon Musʼhafi haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etilgach, 4 daqiqalik mepping-gologramma, ayniqsa, “Iqro” surasining nur bilan tushishi, “Fotiha” surasining yangrashi hamda 1 milliondan ortiq svarovski toshlaridan iborat qandildagi yorugʻlik shousi delegatsiya aʼzolarini chuqur hayratga soldi.

Поделиться:

Похожие новости

SHHT delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini qanday qabul qildi? | Effect.uz