⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Политика

Prezident: ichki ishlar xodimlarining qoʻpol muomalasidan shikoyatlar koʻp

Administrator5 ч назад56 просмотров
Prezident: ichki ishlar xodimlarining qoʻpol muomalasidan shikoyatlar koʻp

2025-yilda ichki ishlar tizimi vakolatiga oid 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shikoyatlarning katta qismi xodimlarning muomala madaniyati va tergov sifati bilan bogʻliq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan yigʻilishda ichki ishlar xodimlarining qoʻpol muomalasi va tergov sifati yuzasidan noroziliklar koʻpligini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni oʻtkazgan yigʻilishda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilishda qayd etilishicha, 2025-yilda ichki ishlar organlari vakolatiga oid masalalar boʻyicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Shikoyatlarning katta qismi ichki ishlar xodimlarining qoʻpol muomalasi hamda tergov sifati bilan bogʻliq ekani taʼkidlandi.

Davlat rahbari tizim masʼullariga har 1 ming aholiga nisbatan eng koʻp murojaat tushayotgan hududlarga borib, vaziyatni oʻrganish topshirigʻini berdi. Bunday hududlar qatorida Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Fargʻona va Chirchiq shaharlari qayd etildi.

Prezident mazkur hududlarda aholi bilan ochiq muloqot oʻtkazish, profilaktika inspektorlari va tergovchilarning kasbiy tayyorgarligi hamda muomala madaniyatini oshirish boʻyicha choralar koʻrish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda yana bir muammo — ayrim bolalarga tugʻilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirishdagi byurokratik toʻsiqlar ham muhokama qilindi.

Maʼlum qilinishicha, turli sabablar bilan tugʻilganlik guvohnomasini ololmagan bolalar masalasi boʻyicha 448 nafar fuqaro murojaat qilgan.

Prezident bu holatga eʼtibor qaratib:

“Bu bolasini bogʻcha va maktabga joylashtirishda guvohnoma talab qilingani uchun majbur boʻlib murojaat qilganlar. Hali ariza bermaganlari qancha?” — deya savol qoʻydi.

Mazkur muammoni hal qilish uchun Oʻzbekiston Adliya vazirligiga sodda va amaliy yechim ishlab chiqish topshirildi.

Поделиться:

Похожие новости

Prezident: ichki ishlar xodimlarining qoʻpol muomalasidan shikoyatlar koʻp | Effect.uz