⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Узбекистан

Pekinda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Xitoy muzeylarining yangi hamkorlik dasturi taqdim etildi

Administrator5 ч назад5 просмотров
Pekinda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Xitoy muzeylarining yangi hamkorlik dasturi taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan ushbu yirik anjumanda 200 nafardan ortiq diplomatlar, davlat idoralari vakillari, muzey rahbarlari, arxeologlar, san’atshunoslar hamda ikki mamlakat ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilariga Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining noyob konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari hamda xalqaro missiyasi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Uchrashuvda Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan ko‘p asrlik aloqalarni o‘rganish va ommalashtirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma muzey ko‘rgazmalari, arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy-nashr loyihalarini amalga oshirish va multimedia ekspozitsiyalarini yaratish bo‘yicha istiqbolli rejalarni taqdim etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning XXRdagi Elchisi Farhod Arziyev va SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Xan Suxeyl davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar misli ko‘rilmagan darajada yuksalganini, madaniy diplomatiya va gumanitar sheriklik ushbu munosabatlarga yangi amaliy mazmun bag‘ishlayotganini alohida ta’kidladilar.

Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi yakunlariga ko‘ra Gonkong Saroy muzeyi, Xitoy Milliy muzeyi, Xitoy Arxeologiya muzeyi, Gugun va Shensi tarixi muzeylari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Tashrifning eng muhim natijalaridan biri — Xitoy muzeylari va xususiy kolleksiyalarida sug‘d madaniyatiga oid noyob eksponatlar hamda O‘zbekiston tarixiga oid qimmatli artefaktlar mavjudligi aniqlangani bo‘ldi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan yangi loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib olindi. Ushbu dastur Xitoy to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy albom tayyorlash va o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutadi.

Tadbir doirasida elchixonada ikkita doimiy ekspozitsiyaga asos solindi: mamlakatning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning ilmiy nashrlari va kitob-albomlari ko‘rgazmasi ochildi.

Поделиться:

Похожие новости

Pekinda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Xitoy muzeylarining yangi hamkorlik dasturi taqdim etildi | Effect.uz