Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ramazon hayitini munosib nishonlashga qaratilgan qaror qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, 2026-yil 20-mart — Ramazon hayitining birinchi kuni sifatida belgilanib, mamlakat boʻylab keng nishonlanadi.
Qarorda taʼkidlanishicha, Ramazon oyi davomida joylarda kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, keksa va nogironlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, iftorliklar va xayriya tadbirlarini tartibli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini milliy anʼanalar va Navroʻz bayramiga uygʻun holda, koʻtarinki ruhda oʻtkazish vazifasi yuklatildi.
Bayram kunlarida aholi oʻrtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan madaniy-maʼrifiy hamda xayriya tadbirlari tashkil etiladi.
Shuningdek, Turizm qoʻmitasi va Transport vazirligiga fuqarolar uchun ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga sayohatlarni tashkil etish boʻyicha qulay sharoit yaratish topshirildi. Ommaviy axborot vositalariga esa bayram tadbirlarini keng yoritish tavsiya etildi.
Qaror ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident maslahatchisi Sardor Umurzakov zimmasiga yuklatildi.



